Qozog`istonning Almati shahrida bo`lib o`tgan Mehnat migrasiyasi sohasidagi mintaqaviy muvofiqlashtirish mexanizmi yig`ilishida O`zbekiston delegasiyasi ishtirok etdi. Mamlakatimiz delegasiyasi tarkibida Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi Axborot-resurs multimedia bo`limi boshlig`i K.Olimova ham ushbu tadbirda qatnashdi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati xabar qildi.
Mintaqaviy muvofiqlashtirish mexanizmi yig`ilishida mehnat migrasiyasi sohasida Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi tomonidan moliyalashtirilgan “Markaziy Osiyoda mehnat migrasiyasi dastur”ni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Kelgusida mintaqada Mehnat mobilligi va ijtimoiy inklyuziya bo`limi loyihasini amalga oshirish zarurati yuzasidan fikr almashildi va bu borada amaliy takliflar ishlab chiqildi.
Mintaqaviy muvofiqlashtirish mexanizmi yig`ilishida mehnat migrasiyasini boshqarishni takomillashtirish, migrantlar chiqadigan hamda boradigan mamlakatlardagi inson mobilligidan foydalanishga ko`maklashish maqadida quyidagi yo`nalishlarda:
birinchidan, loyihada qatnashayotgan mamlakatlar, xususan, Qozog`iston, Qirg`iziston Respublikasi, Tojikiston va O`zbekiston davlatlari hukumatlari va boshqa manfaatdor tomonlarning muammolarni aniqlash, milliy va mintaqaviy darajada mehnat migrasiyasi sohasidagi siyosat va jarayonlarni muntazam moslashtirish va takomillashtirish bo`yicha muvofiqlashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish;
ikkinchidan, ushbu yo`nalishda muntazam muloqot va hamkorlik mexanizmlarini kuchaytirish;
uchinchidan, hukumatlar, davlat va xususiy ishga qabul qilish agentliklari, xususiy sektor va Markaziy Osiyodagi xalqaro tashkilotlar tomonidan har bir loyiha mamlakatlarida bo`lgani kabi jamoaviy harakatlarni amalga oshirish va muvofiqlashtirish;
to`rtinchidan, mehnat bozorining o`zgaruvchan dinamikasiga moslasha oladigan, ularning xizmatlari va qiymatini yakuniy foydalanuvchilar uchun barqaror yaxshilashga qodir bo`lgan mehnat migrasiyasini boshqarishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish maqsadida - ham ish beruvchilar, ham bo`lajak mehnat migrantlari foydalanishini rag`batlantirish uchun - manfaatdor tomonlar o`rtasida muntazam aloqa kanallarini yaratish, muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish, takomillashtirish borasida ish olib borish;
beshinchidan, mintaqadagi chiqish va borish mamlakatlari hukumatlari o`rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish nuqtai nazaridan migrasiyani boshqarish jarayonlarini soddalashtirish, mehnatga yollash hamda ish bilan ta`minlash jarayonlarida ishchilarni himoya qilish tizimini rivojlantirish borasida o`zaro hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Shu asosda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan:
- o`zbekistonlik mehnat migrantlarining huquqlarini, qonuniy ishga yollanishiga qadar va undan keyin ularni huquqiy himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish bo`yicha takliflar ishlab chiqish;
- ushbu yo`nalishda davlat va xususiy ishga qabul qilish agentliklari xodimlarini o`qitish bo`yicha o`quv kurslari tashkil qilish;
- migrantlarning huquqlariga doir tadqiqotlarni amalga oshirish bo`yicha, jumladan, Migrasiya bo`yicha xalqaro tashkilot dasturlari doirasida, hamkorlikdagi loyihalarni rivojlantirishishlarini amalga oshirish taklif qilindi.