AsosiyJamiyat

Bir xonadonda 2 nafar nogironligi bor shaxs yashasa, ularning faqat bittasiga ijtimoiy yordam ko`rsatiladimi?

'Bir xonadonda 2 nafar nogironligi bor shaxs yashasa, ularning faqat bittasiga ijtimoiy yordam ko`rsatiladimi?'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman)ga Navoiy shahrida yashovchi fuqaro V.N. 1-guruh nogironligi bo`lgan ukasi S.N.ga ijtimoiy yordam ko`rsatilmayotganidan norozi bo`lib murojaat qildi. Bu haqda Ombudsman axborot xizmati xabar bermoqda.

Ushbu murojaat Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Jo`raevga joyiga chiqib o`rganish uchun yuborildi.  Mintaqaviy vakil Viloyat tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi, Pensiya va nafaqalarni tayinlash, Mahalla va nuroniylarni qo`llab-quvvatlash bo`limlari mas`ullari ishtirokida ishchi guruh tuzib, murojaatni joyiga borib o`rgandi. Murojaatchi va uning ukasi bilan suhbat o`tkazildi, masalaga tegishli hujjatlar o`rganildi.

Aniqlanishicha, bir xonadonda nogironligi bo`lgan aka-uka fuqarolar yashashadi.  Ularning har ikkalasi ko`z kasalliklari bo`yicha 1-guruh nogironi sifatida ro`yxatda turadi. Lekin ularning bittasigagina imtiyozlar belgilangan. Ya`ni, akasi tegishli qonun hujjatlariga ko`ra, Navoiy shahar tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo`limi tomonidan biriktirilgan ijtimoiy xodim belgilangan grafik asosida ijtimoiy xizmat ko`rsatib keladi hamda har oyda bepul etkazib beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari, gigiena tovarlari o`rniga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravarida  qo`shimcha to`lovlar berib kelinadi. 1-guruh nogironi bo`lgan uka esa hech qanday yordam olmaydi.  

Fuqaro S.N.ni yakka-yolg`izlar ro`yxatiga kiritish va belgilangan imtiyozlardan foydalanishi uchun tegishli tashkilotlarga murojaat qilindi va Ombudsman xulosasi yuborildi. Hozirda unga uy ishlarida yordam qilish uchun ijtimoiy xodim biriktirildi va har oyda qo`shimcha to`lov amalga oshirilishi ta`minlandi. Uzoq vaqtdan beri hal bo`lmagan murojaat Ombudsman aralashuvidan so`ng ijobiy echim topdi, deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar