Maktab o`quvchisi otasining pullarini onlayn o`yin uchun sarflab yubordi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida yashovchi 2007 y.t., 8-sinf o`quvchisi S.F.ning ota-onasi ariza bilan murojaat qilib, ularning farzandi “PUBG” onlayn o`yini akkauntini sotib olish uchun bank kartalaridan telegram messenjerida tanishgan noma`lum shaxsga 1 million so`mga yaqin pullarni o`tkazib berganligi, ammo pullarni qabul qilib olgan shaxs yozishmalarni o`chirib tashlab akkauntini taqdim etmaganligini bildirib, pullarni qaytarishda yordam so`rashgan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, firibgarlik yo`li bilan pullarni o`zlashtirgan shaxslar Andijon viloyati Andijon shahrida yashovchi, 2006 y.t., M.U. va E.H. birgalikda amalga oshirganliklari aniqlangan.
M.U. va E.H. voyaga etmagan fuqarolarga o`yin akkauntini sotishni taklif qilib o`tkazib berilgan pullarni o`z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborib bir qancha firibgarlik jinoyatlarni amalga oshirganliklari ma`lum bo`ldi.
M.U. va E.H.ga nisbatan O`zR. JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






