AsosiyJamiyat

Manfaatlar to`qnashuvi. Korrupsiyaning bu turiga qarshi qanday kurashamiz?

'Manfaatlar to`qnashuvi. Korrupsiyaning bu turiga qarshi qanday kurashamiz?'ning rasmi

Bugungi kunda korrupsiya muammosiga jahonning deyarli har bir mamlakatida duch kelish mumkin. Korrupsiya so`nggi yillarda xalqaro miqyosda transmilliy jinoyat sifatida keng muhokama qilinayotgan mavzulardan biridir.

Ta`kidlash lozimki, korrupsiya keltiradigan zarar barcha davlatlar uchun teng sanalib, mazkur illat davlatning turli sohalariga, xususan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarga hamda mamlakatning xalqaro maydondagi imidji va investisiyaviy jozibadorligiga salbiy ta`sir ko`rsatadi.

Shu bois, rivojlangan davlatlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishda samarali usullar va mexanizmlarni aniqlash va uni amaliyotga joriy qilish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada manfaatlar to`qnashuviga alohida to`xtalish lozim.

Bugungi kunda ilg`or xorijiy davlatlarning korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borish jarayonida qo`llayotgan usullaridan biri bu davlat xizmatchilarining mol-mulki, daromadlari hamda katta hajmdagi xarajatlarini deklarasiya qilishning majburiy etib belgilanganligidir.

Bundan ko`zlangan asosiy maqsad mansabdor shaxslarning noqonuniy daromad olishini oldini olish va manfaatlar to`qnashuvini bartaraf etishdan iboratdir. Davlat xizmatida ushbu usul bugungi kunda 150 dan ortiq mamlakatda qo`llanilmoqda.

Ta`kidlash joizki, davlat xizmatchilarining mulkiy deklarasiya tizimi korrupsiyaning oldini olish, noqonuniy boyish va manfaatlar to`qnashuvini aniqlashning qudratli vositasidir. Jahon banki ma`lumotlariga ko`ra, Evropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga a`zo mamlakatlarning aksariyatida aktivlarni deklarasiyalashning keng jamoatchilik uchun oshkora tizimi yo`lga qo`yilgan. Korrupsiyaga qarshi amaldagi xalqaro standartlar, jumladan, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va boshqa qator huquqiy hujjatlarda davlat xizmatchilari tomonidan aktivlarning e`lon qilinishi korrupsiyaga qarshi samarali vosita ekani e`tirof etilgan.

Bu borada Daniya tajribasiga ko`ra, 2002 yilda qabul qilingan “Korrupsiya to`g`risida” gi Daniya Qonuni korrupsiyaning oldini olish chora-tadbirlarining ustuvorligini belgilovchi, ta`sirchan ogohlantiruvchi xususiyatga ega bo`lgan asosiy normativ-huquqiy hujjatdir. Xususan, ushbu qonunning qoidalari Daniya hukumati vakillarini har yili o`z mol-mulki va shaxsiy daromadlari to`g`risidagi ma`lumotlarni nashr etishga, xorijiy kompaniyalarda aksiyalarga ega bo`lishni taqiqlashga majbur qiladi, bu ularning boshqaruv faoliyatining oshkoraligi va shaffofligini, korrupsion holatlarini oldini olishga yordam beradi.

Korrupsiyani oldini olishning muhim omili shundaki, mamlakatda davlat xizmatchilari yuqori darajadagi ijtimoiy muhofazaga ega: ular bepul tibbiy xizmat va ta`lim olish huquqiga va ijtimoiy kafolatlarga tayanishlari mumkin, bu esa korrupsion harakatlar ehtimolini sezilarli darajada kamaytiradi.

Bundan tashqari, Finlyandiyada Moliya vazirligi davlat xizmatchilari axloqining asosiy muvofiqlashtiruvchi organi hisoblanishi bilan xarakterlidir. Moliya vazirligi hukumat amaldorlari uchun imtiyozlar va sovg`alarni berish va olish tartibini belgilaydi, shuningdek davlat xizmatchilari daromadlarini tekshirish vakolatiga ham ega. Finlyandiya milliy taftish byurosi esa mamlakatda korrupsiyani oldini olish maqsadida yilda ikki marotaba markaziy hukumat moliyasini tekshiradi, soliq siyosatini nazorat qiladi va siyosiy partiyalar va saylov kompaniyasini moliyalashtirishni nazorat qiladi.

Davlat organi va tashkilotlarida manfaatlar to`qnashuviga barham berishning tashkiliy-huquqiy asoslari joriy etilishi kun tartibining boshida turibdi. Zero, aynan shu mexanizm davlat xizmati tizimida korrupsiyaning oldini olishning samarali usuli bo`lishi shubhasiz. 

Har qanday manfaatlar to`qnashuvi holatlaridagi kolliziyalar qonuniylik va davlat institutlariga bo`lgan ishonchni pasaytiradi hamda odamlarda davlat faoliyati samaradorligi haqida salbiy tasavvurni shakllantiradi. 

Shu bois manfaatlar to`qnashuvining oldini olishning samarali tizimini yaratish, bu borada keng ko`lamli xalqaro hamkorlikni yo`lga qo`yish va xorijiy ilg`or tajribani o`rganish orqali ushbu yo`nalishdagi standartlarni milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etish muhim ahamiyatga ega. 

Jahon amaliyotida “manfaatlar to`qnashuvi” atamasiga oid turli ta`riflar mavjud. Biroq, ularning mazmun-mohiyati bir-biriga yaqin, ya`ni mansabdor shaxsning davlat majburiyati va shaxsiy manfaatlari o`rtasidagi ziddiyat – shaxsiy manfaatdorlik mansabdor shaxsning xizmat vazifalari va majburiyatlarini lozim darajada bajarishga ta`sir ko`rsatishi sifatida izohlanadi.

Xususan, BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining davlat sektori, davlat mansabdor shaxslarining odob-axloq kodeksi va xususiy sektorga oid moddalarida davlat va xususiy sektorlarda manfaatlar kolliziyasi haqida ogohlantirish va hal etish bo`yicha chora-tadbirlarni davlat tomonidan qabul qilinishiga alohida e`tibor qaratilishi lozimligi belgilangan.

Xorijiy mamlakatlarning milliy normativ-huquqiy hujjatlarida bu alohida qonunlar bilan tartibga solingan. Jumladan, Chexiya va Latviya Respublikalarining manfaatlar to`qnashuvini boshqarishga oid qonunchiligida davlat mansabdor shaxslarga nisbatan cheklovlar, manfaatlar to`qnashuvini tartibga solish hamda ushbu sohada vakolatli davlat organlari belgilangan.

Darhaqiqat, loyihada manfaatlar to`qnashuvi bilan bog`liq muammolarga qarshi kurashishning huquqiy asoslari aniq belgilangan. 

Manfaatlar to`qnashuvi tushunchasiga aniq ta`rif berilgan bo`lib, unga ko`ra, manfaatlar to`qnashuvi davlat tashkiloti xodimining, uning yaqin qarindoshlarining va unga aloqador shaxslarning shaxsiy manfaatlari bilan fuqarolarning, tashkilotning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o`rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelgan va kelayotgan yoxud yuzaga kelishi mumkin bo`lgan vaziyat, deya ta`rif berilmoqda. 

Davlat tashkiloti xodimlari manfaatlar to`qnashuvini tartibga solish bo`yicha ko`rilgan choralar ustidan yuqori turuvchi davlat tashkilotiga, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega ekanligi mustahkamlanmoqda. 

Davlat tashkiloti xodimlari mavjud manfaatlar to`qnashuvida o`zining ish yurituvidagi hujjatlar bo`yicha qaror qabul qilinishidan oldin bevosita rahbariga yoki maxsus bo`linmaga xabar berishi kerak. Bundan tashqari, davlat tashkilotining boshqa xodimlari bo`yicha o`ziga ma`lum bo`lgan manfaatlar to`qnashuvi to`g`risida xabar berishi majburiy etib belgilanmoqda. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar to`qnashuvining oldini olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilanmoqda. 

Agentlikka davlat tashkilotlarining manfaatlar to`qnashuvini tartibga solish bo`yicha faoliyatini muvofiqlashtirish yuklatilmoqda. Bu borada davlat tashkilotining faoliyati o`rganiladi, aniqlangan holatlar haqida xabarnoma, taxmin qilinayotgan manfaatlar to`qnashuvi to`g`risidagi deklarasiya hamda manfaatlar to`qnashuvi to`g`risidagi deklarasiyaning namunaviy shakllarini tasdiqlaydi. 

Manfaatlar to`qnashuvi bilan bog`liq har qanday holatlar aniqlanganda, bitim, buyruq va boshqa hujjatni bekor qilish to`g`risida davlat tashkilotiga taqdimnoma yoki ularni haqiqiy emas, deb topish bo`yicha sudga da`vo kiritish kabi bir qator vakolatlar berilmoqda. 

Manfaatlar to`qnashuviga oid talablarni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Jumladan, davlat organi xodimlarining manfaatlar to`qnashuvi haqida xabar bermaganligi uchun – BHMning 3 baravaridan 
5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`lishi mumkin. (Takroran bo`lsa – BHMning 5 baravardan 10 baravarigacha), mansabdor shaxslarning ushbu vaziyatni tartibga solmaganligi uchun – BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima (takroran bo`lsa – BHMning 10 baravardan 15 baravarigacha) jazosini belgilash nazarda tutilmoqda. 

Bunda ma`muriy bayonnoma tuzish va sudga yuborish vakolati Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuklatilmoqda.

Yaqinda mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida uchinchi o`qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Mazkur qonunning qabul qilinishi davlat idoralarida korrupsiyaviy omillarning kamayishiga, davlat tashkilotlarida manfaatlar to`qnashuvining oldini olishga xizmat qiladi. Bunday holatlarni aniqlash va tartibga solishning samarali mexanizmlarini joriy etish, uning huquqiy oqibatlarini aniq belgilash, davlat xizmatida tanish-bilishchilik, qarindosh-urug`chilikning oldini olishga zamin yaratadi.

Bosh prokuraturaning         
Jamoatchilik bilan aloqalar va          
huquqiy axborot bo`limi prokurori          

Dilrabo Hamdamova Ravshanbek qizi

    Boshqa yangiliklar