Talabalarning qishki ta`tilga chiqqanliklari sababli, "Tashkent Indeks" talabalar yotoqxonasidan harakatlanuvchi avtobus faoliyati vaqtincha to`xtatildi. Bu haqda Toshshahartransxizmat xabar berdi.
Qayd etilishicha, 144-sonli "Toshkent "Indeks talabalar yotoqxonasi- 5-metro bekati" avtobus yo`nalishidan foydalanayotgan yo`lovchilar sonining keskin kamayib ketishi kuzatildi.
Shu munosabat bilan, 2023 yilning 10 yanvariga qadar mazkur yo`nalishda avtobus harakatlanmaydi.
Hozirda 144-sonli avtobus yo`nalishiga parallel ravishda 143-sonli "Index savdo majmuasi — Bobur maydoni" avtobus yo`nalishi mavjud.
Eslatib o`tamiz, sentyabr oyida talabalarni to`g`ridan-to`g`ri "Tashkent Indeks" talabalar yotoqxonasidan o`quv manzillariga etib olishlari hamda turar joylariga qaytib kelishlari uchun maxsus avtobus yo`nalishlari tashkil etilgan edi. Ushbu noodatiy yotoqxonada talabalar uxlashi, dars qilishi, ovqat pishirishi va kir yuvishi uchun barcha kerakli sharoitlar yaratilgandi.






