1

Parhezshunos bayram oqshomida bosh ko`taradigan surunkali xastaliklardan ogohlantiradi

Salomatlik 31.12.2022, 11:29
Parhezshunos bayram oqshomida bosh ko`taradigan surunkali xastaliklardan ogohlantiradi

Yangi 2023 yil kirib kelishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Uy bekalari uyni qanday bezatish, kimga qanday sovg`a hozirlash va albatta, bayram dasturxoniga qanday taomlar tayyorlash haqida reja tuzishyapti. Bayramda turli-tuman, xilma-xil mahsulotlarni dasturxonga qo`yib, hammani qoyil qoldirish haqida bosh qotirishmoqda.

Shu o`rinda unutmaslik kerakki, inson salomatligi ovqatlanish tarkibiga, ya`ni mahsulotlar va taomlarning sifati, qanday tayyorlanganligiga, qancha miqdorda iste`mol qilishga bevosita bog`liq bo`ladi. To`g`ri ovqatlanish barcha kasalliklarining oldini olishda va surunkali holatlarni zo`raytirmaslikda ahamiyatlidir. 

Parhezshunos Guljahon Yo`ldoshevadan tavsiyalar:

Ko`p ovqat sog`lomni kasal qilar

Buyuk bobokalonimiz Ibn Sino aytganiday: “Eng yomon ovqat oshqozonga og`ir botadigani, eng yomon ichimlik me`dani ortiqcha to`ldiradiganidir”. Shuning uchun shifokorlar bir o`tirishda odatdagidan ko`proq ovqat iste`mol qilmaslik haqida ogohlantiradi. Chunki bir martada “bo`kib” eyish oqibatida oshqozon va qizilo`ngach o`rtasida joylashgan pastki qizilo`ngach sfinkteriga bosim kuchayadi. Oshqozon tarkibidagi ovqat qizilo`ngachga qaytib, jig`ildon qaynashiga olib kelishi mumkin. Bu maslahat nafaqat keksalar va surunkali kasalligi bo`lgan bemorlarga, balki sog`lom odamlarga hamda bolalarga ham taalluqlidir.

Agar ovqatlangandan keyin kishining yurak urishi tezlashmasa va nafas olishi ravonligi qisqarmasa, iste`mol qilingan ovqatni me`yorida, deb aytish mumkin. Kimda ovqatlanishdan keyin issiqlik, terlash paydo bo`lsa, qorin shishsa, demak, u me`yordan ortiq ovqat egan va oshqozon buni hazm qilolmayotgan bo`ladi. Bunday insonlar kam-kamdan, tez-tez ovqat iste`mol qilishlari lozim.

Keksalar dasturxoni

Yangi yil arafasida 60 yoshdan oshganlar yanada ehtiyot bo`lishlari kerak. Bayram bo`lsa ham parhezni buzmaslik talab etiladi! Alkogol ichimliklardan o`zni tiyish muhim. Uning o`rnini meva sharbatlari yoki kompot bilan to`ldirishni taklif qilamiz. Qovurilgan va yog`li taomlar o`rniga esa hazmi oson salatlar, avval suyuq, keyin quyuq taomlarni iste`mol qilish ma`quldir. Chunki kunlik tartib va parhezning keskin o`zgarishi surunkali kasalliklarni kuchaytirishi mumkin.

Albatta, bayram stolida faqat tushlik va kechki ovqat vaqtida o`tirish maqsadga muvofiqdir. Agar dasturxon atrofida uzoq o`tirsangiz, ko`p taom eb qo`yish va barcha narsani qorishtirib iste`mol qilish ehtimoli ortadi. Bu esa salomatligingizga ziyon etkazishi ehtimoldan xoli emas.

Taomlangandan keyin esa toza havoda sayr qilish foydali.

Surunkali oshqozon-ichak kasalligi bo`lsa...

Yangi yil bayrami oshqozon-ichakda surunkali kasalliklari bo`lganlar uchun alohida sinov bo`lishi mumkin. Agar sizda kasallikning kuchaygan davri bo`lsa, sizga shifokoringiz bilan bayram parhezi haqida maslahatlashish va unga qat`iy rioya qilishni tavsiya qilamiz.

Agar xastalikning tinch davri bo`lsa, sizga ko`p va pala-partish ovqatlanmaslikni, shuningdek, kechgacha och qolmaslikni tavsiya qilamiz. 31 yanvarda kechki ovqat vaqti bo`lguncha nonushta, tushlik va soat 16.00 dagi tamaddidan voz kechmasligingiz kerak. Lekin har safargi egulik miqdorini kamaytirish yaxshiroqdir. Shu bilan birga bayramona stol atrofiga o`tirganda kechki ovqatni engil gazaklar va suyuq sho`rva bilan boshlang. Me`dani buzadigan sovuq gazli ichimliklar o`rniga ko`k choy ichish maqsadga muvofiq.

Qon bosimingiz oshmasligi uchun

Hozirgi vaqtda arterial qon bosimi ko`tarilishi ko`pchilikda uchraydigan muammo. Agar sizda kaloriyali hamda qovurilgan ovqatlardan qon bosimi oshishi xavfi bo`lsa, bayramni oqilona o`tkazish uchun bir nechta maslahatga amal qiling. Surunkali yurak-qon tomir xastaligi bo`lgan kishilar sog`lom ovqatlanishi darkor. Bunda yog`liligi past go`shtlar, shirasi kam mevalar, o`simlik yog`i, sut-qatiq mahsulotlari  va ulardan tayyorlangan ovqatlar ayni muddao.

Bayram dasturxonidagi tuzlangan va sho`r eguliklarga havas qilmaganingiz ma`qul. Agar juda ham egingiz kelsa, minimum darajada tatib ko`rishingiz mumkin. Bu cheklov engil uglevodlar va shirinlikka ham tegishli. Chunki bular gipertoniyadan aziyat chekayotganlarga o`ta zararli. Ko`kat va sabzavotlarni bajonidil iste`mol qilishingiz mumkin.

Qandli diabetingiz bo`lsa...

Biz hammamiz Yangi yil oqshomiga salatlar tayyorlashni yaxshi ko`ramiz. Salatlarga esa mayonez solinadi. Bu mahsulot qandli diabetda tavsiya qilinmaydi. Uning o`rniga smetana, yogurt yoki 2-3 tomchi limon sharbati tomizilgan o`simlik yog`idan foydalanishingiz mumkin. 

Oddiy taomlarga ustunlik bering, asosiy taomga qo`shimcha ravishda 2-3 ta engil gazak tayyorlang. Birinchisiga engil sho`rva, ikkinchi taom uchun dimlab yoki bug`da pishirilgan baliq yo tovuqni tanlashingiz mumkin. Baliq va yog`siz go`sht yangi, qovurilgan yoki qaynatilgan sabzavotlar bilan ishtahali bo`ladi. Bunda sabzavotlar go`sht yoki baliqdan ikki baravar ko`p bo`lishi kerak.

Pankreatit qiynamasin, desangiz

Agar sizda surunkali me`da osti bezi kasalligi (pankreatit) bo`lsa, uning remissiya (uxlagan davri) vaqtida bayram dasturxonidagi yoqtirgan taomlaringizni oz-ozdan eyishingiz mumkin. Ammo qattiq qovurilgan va o`ta yog`li ovqatlardan o`zni tiying. Xastalikning uyg`ongan davrida davolovchi shifokoringiz bilan maslahatlashing. Ko`pincha bu holatda shifokorlar yog`siz, ziravorsiz, xamirsiz va suyuq ovqatlarni tavsiya qiladi. 

Tajribada aniqlanishicha, tabiiy mahsulotlar ko`proq eyilganda 50 foiz hollarda hazm qilish a`zolari yaxshi ishlaydi. Natijada me`da-ichaklar ishi osonlashib, organizmning ovqat hazmiga sarflanadigan energiyasi birmuncha tejaladi.

Bayramona samimiy kechki ovqatdan so`ng, zefir, mevali jele yoki kislotaligi kam bo`lgan mevalar yog`li tortdan afzalroq bo`ladi. Misol uchun, olma va nok qo`shilgan yog`siz yogurt ham ta`bingizga yoqishi tayin.

Artroz va artritlarda

Artroz va artrit bilan og`rigan bemorlar ovqatlardan birini o`tkazib yuborishlari mumkin. Ochlik tanani autoimmun jarayonlardan tozalaydi va bo`g`imlardagi zo`riqish alomatlarni kamaytiradi. 

Revmatoidli artrit, podagra va artrozlar bilan og`rigan odamlar parheziga sariyog`da pishirilgan taomlarni kiritish kerak. Umuman olganda, oshqozon-ichak tizimi kasalliklari bilan og`rigan bemorlarning ovqatlanishi artrit, artroz yoki diabet bilan og`rigan bemorlarniki bilan deyarli bir xil. Ular taomnomada sut-qatiq mahsulotlari, ayniqsa tvorogga kengroq o`rin berishlari zarur. Bu mahsulot bo`g`im va suyaklarni mustahkamlashga, umuman barcha a`zolarni sog`lomlashtirishga va himoya qilishga yordam beradi.

To`yib ovqatlangandan keyin ko`p miqdorda shirinlik iste`mol qilishdan saqlaning. 

  Manzura BEKJONOVA tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1