Sanoqli soatlardan so`ng Yangi yil bayrami uchun dasturxon tuzash tashvishiga tushamiz. Shifokorlar esa o`sha kunlarda iste`mol qilinadigan ba`zi an`anaviy oziq-ovqat mahsulotlari salomatlikka jiddiy ziyon keltirishidan ogohlantirmoqda.
SSV Dietologlar xulosasini e`lon qildi:
Eng zararli taomlar ro`yxatida tuz, sirka, shakar qo`shilgan marinadlar etakchilik qiladi. Ular boshqa mahsulotlar bilan birga iste`mol qilinganda, organizmga zararli ta`sir ko`rsatishi mumkin.
Ikkinchi o`rinda gazlangan ichimliklar turadi. Ular oshqozon, oshqozon osti bezi va yurak-qon tomir tizimi uchun xavfli. Gazlangan suvni aslo yog`li ovqatlar bilan birga iste`mol qilmang. Xuddi shunday, och qoringa ham ichish zararli.
Uchinchi o`rin mayonez qo`shilgan salatlarga taalluqli. Masalan, “olive”ning bir kishilik o`rtacha porsiyasi 170-180 milligramm xolesterinni o`z ichiga oladi.
️Qolaversa, 100 gramm miqdordagi ushbu salat tarkibida 200 kkal kaloriya mavjud. Shu bois, bunday mahsulotlar tayyorlashda mayonez o`rniga smetana ishlatish maqsadga muvofiq.
To`rtinchi o`rindan tortlar va pishiriqlar joy olgan. Odatda, ular ovqatdan so`ng, hazmi taom sifatida dasturxonga tortiq etiladi. Bu — katta xato.
️Chunki qandolat kremi yog` va xolesterin bilan to`yingan. Ular oshqozonga og`irlik qilishi barobarida, qonni quyuqlashtirish xususiyatiga ega. Bu yurak-qon tomir tizimi kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin.
Shu bois, bunday tort va pishiriqlarni oz miqdorda va limonli choy bilan iste`mol qilgan ma`qul. Bu me`da shirasi ishlab chiqarilishini rag`batlantirib, hazm jarayonini osonlashtiradi.
Eng muhimi, surunkali xastaliklardan aziyat chekuvchi bemorlar sog`lom ovqatlanish qoidalariga to`liq amal qilishlari lozim!
Sog`liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.






