Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg`ona filialining bolalar reanimasiya bo`limida 3 yoshli bola Dok-1 Maks siropini ichishi natijasida doridan o`tkir zaharlanish tashxisi bilan davolanmoqda. Bu haqda Farg`ona viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`i Abduqayum To`xtaqulov O`zAga ma`lum qildi.
Uning qayd etishicha, Quvasoy shahridan bo`lgan bemorning umumiy ahvoli og`ir, hushida. Bolaga tasdiqlangan davolash standarti asosida davo muolajalari olib borilmoqda.
“Viloyatdagi vaziyatni shaxsan o`zim nazoratga olganman. Yana bir bor aholimizdan isitma tushiradigan dori vositalarini faqat shifokor tavsiyasi va nazoratida qabul qilishni so`rayman. Qolaversa, farzandlarimizga shifokorning aniq tavsiyasisiz, o`zboshimchalik bilan dori preparatlarini bermaslikni iltimos qilib qolamiz”, — degan Farg`ona viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`i.