Avvalroq, 2 yanvar kuni Toshkent – Olmaota yo`nalishi uchgan "Air Astana" samolyoti kuchli turbulentlikka uchragan va 7 nafar fuqaro jarohatlangani haqida xabar bergan edik.
O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Axborot xizmatining ma`lum qilishicha, 2022 yil 2 yanvar kuni Toshkent – Olmaota yo`nalishi bo`yicha KC128 reysini amalga oshirish chog`ida "Air Astana" aviakompaniyasining samolyoti Chimkent parvozlarni boshqarish markazi hududida 350 (10600 m) balandlikda kuchli turbulentlikka uchradi.
Samolyot Toshkentdan mahalliy vaqt bilan soat 14.35 da havoga ko`tarilgan. Airbus A321 havo kemasi bortida 135 yo`lovchi va 9 nafar ekipaj a`zosi bo`lgan.
Olingan ma`lumotlarga ko`ra, hodisa natijasida 7 kishi (shundan 3 nafari O`zbekiston fuqarosi) jabrlangan.
Samolyot mahalliy vaqt bilan soat 16.45 da Olmaota aeroportiga qo`ngan.
Yo`lovchilarga yordam ko`rsatish uchun tez yordam mashinalari aeroportda kutib olgan. Havo kemasi qo`nganidan so`ng 2 nafar yo`lovchi tibbiy yordam so`ragan va ular Olmaotadagi shifoxonalardan biriga ko`rikdan o`tish uchun yuborilgan.
Olingan ma`lumotlarga ko`ra, ko`rikdan so`ng singan tan jarohatlari qayd etilmagan, tibbiy yordam ko`rsatilgach, yo`lovchilar kasalxonaga yotqizishdan bosh tortishgan.
Qozog`iston fuqaro aviasiyasi qo`mitasi ma`lumotlariga ko`ra, ushbu fakt vakolatli organlar tomonidan tekshiriladi hamda natijalari bo`yicha keyinroq qo`shimcha axborot beriladi, deyiladi xabarda.






