Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O`zbekiston maktablarida o`quv yuklamasini aniqlashga qaratilgan tadqiqot o`tkazganini ma`lum qildi.
Natijalarga ko`ra, O`zbekistonda o`quvchilar boshqa mamlakatlardagiga qaraganda ancha ko`p o`qiydi. Ular uchun haftalik o`rtacha yuklama 28,2 soatni tashkil qiladi. Lekin o`quvchilar matematika fani bo`yicha nisbatan kamroq tahsil olishi kuzatilgan.
Shuningdek, respublikamiz maktablarida o`quv-rejasiga ko`ra ijtimoiy va amaliy fanlarga ko`proq vaqt ajratiladi. O`qituvchilar uchun dars soatlari boshqa mamlakatlardagidan jiddiy farq qilmaydi, ammo o`qitish kunlari ancha ko`p. Bir o`qituvchiga o`quvchilar soni 11,9 nafarni tashkil etishi tahlilda aniqlangan.
Tadqiqotning yana bir ahamiyatli jihati, mutaxassislar bu jarayonda ota-onalar o`rtasida so`rov ham o`tkazganidadir.
Unda 61,1 foiz ota-onalarning fikriga ko`ra, bola uchun o`quv yukining intensivligi maqbul darajada. Ota-onalarning 25,1 foizi o`quv yukini yuqori, 13,8 foizi esa past, deb hisoblaydi.
E`tiborlisi, ota-onalarning 38,4 foizi maktablarda berilayotgan bilim darajasidan qoniqmaydi, 12,8 foizi farzandlarining bilim darajasini yuqori, deb baholaydi, 48,8 foizi kelajakdagi kasblar uchun etarli, degan. Aksariyat ota-onalar repetitor xizmatidan faol foydalanadi.
59,1 foiz ota-onalarning fikriga asosan maktablarning o`quv rejasida maktabdan tashqari mustaqil ravishda o`rganish mumkin bo`lgan fanlar mavjud.
Ekonometrik tahlil natijalariga ko`ra, ta`lim sifatiga birinchi navbatda bolaning bilim olishga qiziqishi va bilim darajasi ta`sir qiladi.






