2 yanvar kuni Braziliyada futbol qiroli Pelening dafn marosimi bo`lib o`tdi.
Afsonaviy futbolchini so`nggi manzilga kuzatish marosimi «Santos» stadionida o`tkazildi. Dafn marosimiga FIFA prezidenti Janni Infantino ham etib kelgan. Shuningdek, Braziliya futbol konfederasiyasi rahbari Ednaldo Rodriges va KONMEBOL prezidenti Alexandro Dominges Uilson-Smit ham Pele bilan vidolashuv marosimida ishtirok etdi.
"Futbol qiroli o`zi vasiyat qilganidek xalq bilan o`z uyi sanalmish «Vila Belmiro» stadionida xayrlashmoqda", deyilgan «Santos» klubi xabarida.
Dafn marosimi 24 soat davom etib, shundan keyin Pelening tobuti Santos ko`chalari bo`ylab Pelening 100 yoshli onasi yashaydigan uyiga olib borildi. Dafn marosimida faqatgina uning oila a`zolari qatnashishi belgilangan edi.
Eslatib o`tamiz, uch karra jahon chempioni Pele 29 dekabr kuni 82 yoshida vafot etdi. U so`nggi yillarda saraton bilan kurashayotgandi.






