Ob-havo sharoitining yomonlashishi — qor bo`roni, ko`rishning yomonlashuvi, muzlashi tufayli yo`llarning 127 ta qismi yopildi, deb xabar bermoqda Tengrinews.kz Favqulodda vaziyatlar vazirligiga tayanib.
Yo`llardagi favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo`yicha respublika shtabi tuzildi, hududlarda ham shunday shtablar faoliyat ko`rsatmoqda. O`tkazish punktlarida 600 ta avtomobil to`planib qolgan.
“Hozirgi kunda qutqaruv bo`linmalari tomonidan Jambil, Turkiston, Qo`stanay, Qarag`anda va Abay viloyatlarida 691 kishi, jumladan, 137 nafar bola qutqarilib, evakuasiya qilindi. Yo`llarning yopiq uchastkalarida aholini evakuasiya qilish uchun 838 ta vaqtinchalik isitish punktlari tayyorlandi, 87 ta texnika tayyor holatda”, — deyiladi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabarida.
Qayd etilishicha, vaqtinchalik isitish markazlarida 420 nafar fuqaro bor, ularning 69 nafari bolalardir.
Shuningdek, Ostonadagi bo`ron sabab 45 ta reys bekor bo`lgan yoki kechiktirilgan.






