Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzaxdagi manzil-koloniyadan 2 mahbusning qochib ketganligi bilan bog`liq xabarlar tarqaldi.
IIV huzuridagi JIED Axborot xizmatining xabarlarga oydinlik kiritishicha, joriy yilning 4 yanvar kuni 3-mintaqaviy hudud 30-son manzil-koloniyasida jazo muddatini o`tab kelgan mahkum A.K sog`ligi sababli Zafarobod tumani Tibbiyot birlashmasining “Terapiya” bo`limiga davolanish uchun yotqizilgan. Mahbus soat 22.30 larda tibbiyot birlashmasidan ruxsatsiz, noma`lum tomonga ketib qolganligi aniqlangan.
Xuddi shu kuni soat 23.15 larda muassasada o`tkazilgan ko`rik vaqtida mahkum M.N. ning ham koloniya hududida yo`qligi aniqlangan.
Hozirda IIV huzuridagi JIED tomonidan ushbu mahkumlarni tartibbuzarlik sodir etib, belgilangan hududlardan ketib qolganliklari uchun qidiruv ishlari olib borilmoqda.
Qidiruv-surishtiruv ishlari yakuni yuzasidan jamoatchilikka qo`shimcha ma`lumot berilishi va`da qilindi.