O`zbekiston Sog`liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Turkiya Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Shuayib Birindji bilan videomuloqot o`tkazdi. Bu haqda SSV axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Turkiya tibbiyoti dunyoda etakchi o`rinlardan birini egallaydi. Ayniqsa, yuqori texnologik operasiyalar, shoshilinch tibbiy yordam, tibbiy sug`urta, raqamli tibbiyot va klaster tizimi kabi qator yo`nalishlarda ushbu qardosh mamlakatdan o`rganadigan jihatlarimiz ko`p.
Qolaversa, bu erda aholining o`rtacha umr ko`rish darajasi 78,6 yoshga teng bo`lib, bu dunyodagi yuqori ko`rsatkichlardan biridir.
Turkiya sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari bilan videomuloqotda tibbiyot sohasi bo`yicha ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Xususan, mamlakatimizda tibbiyotni raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish maqsad qilingan. Tizimda elektron xizmatlar qamrovi oshishi esa aholiga qo`shimcha qulayliklar yaratadi.
Bundan tashqari, O`zbekistonda xalqaro tajriba asosida davlat tibbiy sug`urtasi tizimini bosqichma-bosqich joriy etishga kirishilgan. Birinchi bosqich sinov tariqasida Sirdaryo viloyatida amalga oshirilyapti.
2023 yildan boshlab, bu mexanizm Toshkent shahrida ham yo`lga qo`yladi. Shuningdek, yangi tizim Navoiy viloyatida tatbiq etilishi rejalashtirilgan.
Ana shu islohotlar samaradorligini oshirish maqsadida Turkiyadan eng tajribali mutaxassislarni mamlakatimizga jalb qilish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, tibbiyot klasterlari faoliyatini yo`lga qo`yish va rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimiga ilg`or o`qitish metodikalarini tatbiq etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot davomida Turkiya Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Sh. Birindji yuqorida keltirilgan yo`nalishlarda O`zbekiston bilan o`z tajribalarini almashishga tayyor ekanligini ma`lum qildi.
Tomonlar kelishuviga muvofiq, yaqin kunlarda turkiyalik etakchi mutaxassislar mamlakatimizga tashrif buyuradi. Ular yurtimizda sohani raqamlashtirish, tibbiy sug`urta tizimini keng joriy etish, tibbiyot klasterlari faoliyatini yo`lga qo`yish va rivojlantirish jarayoniga yaqindan ko`maklashadi.






