Davlat statistika qo`mitasi tomonidan “Statistika” integrallashgan axborot tizimi (SIAT) yaratildi hamda uning negizida siat.stat.uz O`zbekiston Respublikasi statistika portali ishga tushirildi.
Xabarga ko`ra, portal rasmiy statistika ma`lumotlar yagona bazasini shakllantiradi, ma`lum bir davr bo`yicha ma`lumotlarni elektron formatlarda olish imkoniyatini yaratadi.
Hozirgi kunda SIAT axborot tizimida 19 ta yo`nalishda jami 1 700 dan ortiq rasmiy statistik ko`rsatkichlar, 10 yillik dinamik qatorlarda, shuningdek, 30 yillik makroko`rsatkichlar 5 yillik kesimda foydalanuvchilarga qulay va bepul shaklda yuklab olish uchun 3 xil (Excel, PDF va JPG) formatda hamda mustaqil ravishda integrasiya qilish uchun 3 xil (CSV, JSON va XML) formatda joylashtirildi va doimiy ravishda yangilab boriladi.
Portalni ishlab chiqishda Yaponiya, Hindiston, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Belarus, Qozog`iston va boshqa rivojlangan davlatlarning tajribasi o`rganilgan.
O`zbekiston Respublikasi statistika portalidan o`zbek, rus va ingliz tillarida foydalanish mumkin.
SIAT axborot tizimi tegishli vazirlik va idoralar uchun zarur statistik ma`lumotlarni integrasiya yo`li bilan elektron axborot almashinishni yo`lga qo`yish hamda quydagi bir qator vazifalarni amalga oshirish maqsadida ishlab chiqildi:
- ma`lumotlar bazasini boshqarishning zamonaviy tizimlarini joriy etish;
- raqamli statistik ma`lumotlar manbalarini yagona ma`lumotlar omboriga to`plash;
- integrasiya platformasi (REST-API) asosida axborot almashinuvini yo`lga qo`yish;
- ma`lumotlarni vizual tasvirlash (jadval, grafik, diagramma, kartogramma) modulini joriy etish;
- statistik ma`lumotlardan foydalanuvchilar uchun yagona veb-interfeys joriy etish.
Portalda ma`lumotlarni interaktiv grafik, gistogramma va diagrammalar ko`rinishida solishtirish, shuningdek, reyting shakllantirish va ko`rsatkichlar o`rtasidagi munosabatlarni belgilash modullari joriy etilgan.
SDMX standarti asosida har bir statistik ko`rsatkich bo`yicha metama`lumotlarning tizimga joylashtirilganligi foydalanuvchilarga ko`rsatkich birinchi bor e`lon qilingan, yangilangan sana, uning birlamchi manbasi, hisoblagan organ va uslubiyoti, mas`ul bo`linma va xodim to`g`risida hamda shu kabi boshqa ma`lumotlarni olish imkonini beradi.






