Namanganda Yangi yil kechasi ro`y bergan va er-xotinning o`limiga sabab bo`lgan yong`in qotillik bilan bog`lanmoqda.
Joriy yil 1 yanvar kuni tongda Namangan viloyatining Kosonsoy tumanidagi xonadonlardan birida yong`in sodir bo`lgan va ushbu uyda yashagan 28 yashar yigit hamda uning 27 yoshli rafiqasi jasadlari kuyish alomatlari bilan topilgandi.
«Daryo» xabariga ko`ra, shu kunning o`zida viloyat prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Jinoyat ishi bo`yicha o`tkazilgan dastlabki tergov harakatlari davomida marhum o`zining tanishidan AQShga borish uchun viza qilib berish evaziga 15 ming dollar olib, uni aldab, pullarni qaytarmaganligi ma`lum bo`lgan.
Shundan so`ng tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilib, marhumning tanishi va uning turmush o`rtog`i ushlanib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.






