"Dok-1 Maks" iste`moli natijasida bolalarning hayotdan ko`z yumgani O`zbekistonda sog`liqni saqlash va farmasevtika sohasida muammolar mavjudligini ko`rsatib berdi, deya ma`lum qildi «Yuksalish» harakati. U dorilarni nazoratsiz qo`llash masalasini ko`rib chiqish va OAVda ular reklamasini cheklashni taklif qildi.
"Dok-1 Maks" preparatini qabul qilish oqibatida bolalar hayotdan ko`z yumgani O`zbekistonda sog`liqni saqlash va farmasevtika sohasida muammolar mavjudligini ko`rsatib berdi, deya ma`lum qildi «Yuksalish» umummilliy harakati. Faqatgina barcha tomonlarning sa`y-harakatlarini birlashtirish orqaligina kelgusida bunday holatlarning oldini olish mumkin, deya ishonch bildirildi yakshanba kuni e`lon qilingan bayonotda.
Birinchidan, dori vositalarini nazoratsiz qo`llash amaliyotini to`liq qayta ko`rib chiqish zarur, deb hisoblaydi harakat. Chunki bugun fuqarolar qaysi dorini ichish bo`yicha ko`pincha shifokor bilan emas, dorixona sotuvchilari bilan maslahatlashmoqda. «Ko`plab dori vositalarini shifokor reseptisiz osongina aptekadan xarid qilishimiz mumkin va bu dorilardan noto`g`ri foydalanish xavfini yaratmoqda», — deyiladi xabarda.
Turli mamlakatlarda o`tkazilgan tadqiqotlar shuni ko`rsatmoqdaki, shifoxonalarga yotqizilgan bemorlarning o`rtacha 10−20 foizida dorilar nojo`ya ta`sir qilganlik holati kuzatiladi, qizig`i, rivojlanayotgan mamlakatlarda bu ko`rsatkich ikki baravar yuqorini tashkil qiladi. 2008−2018 yillarda O`zbekistonda dori vositalari bilan o`zini o`zi davolash natijasida sog`liqning yomonlashganligi bilan bog`liq 2300 ta holat ro`yxatga olingan.
Shuning uchun, avval, ommaviy axborot vositalarida dorilarning bevosita reklamasiga cheklovlar joriy etish zarur, deb hisoblaydi harakat. Xususan, dori vositalari reklamasini faqat Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasi ruxsati bilan amalga oshirish.
«JSST ma`lumotlariga ko`ra, dori vositalarini nazoratsiz qo`llash va o`zini o`zi davolash darajasining oshishi aynan reklama bilan bog`liqdir. Bunday davolanish natijasidagi o`lim holatlari jarohatlar, qon aylanish kasalliklari, onkologik va pulmonologik kasalliklardan keyin 5-o`rinda turadi. Albatta, iste`molchilar dori-darmonlarni qo`llashdan kelib chiqadigan nojo`ya ta`sirlar, ularning muvofiqligi va organizmning individual reaksiyasi xavfini baholay olmaydi», — deyiladi xabarda.
Odamlar dori-darmonlarga oddiy iste`mol tovari sifatida qaramoqda va bu — vaziyatni yanada og`irlashtiradi. Shuning uchun mazkur masala har 100 ming aholiga o`rtacha 25−27 ta dorixona to`g`ri keladigan O`zbekiston uchun dolzarbdir.
Ikkinchidan, dori vositalarining reklamasiga oid qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni taklif qilinmoqda.
O`tgan yili «Reklama to`g`risida»gi Qonun qabul qilindi. «Unda dori vositalarining reklamasiga oid aniq tartiblar belgilangan bo`lsa-da, biz har kuni televidenie, radio va boshqa turdagi reklamalarda qonun talablarining buzilishini kuzatyapmiz. Farmkompaniyalar qonun talablariga bepisandlik bilan yondashayotganlarini ko`ryapmiz», — deya ma`lum qilindi.






