AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda 2 yoshli qizaloq noto`g`ri emlangandan falaj bo`lib qoldimi?

'Qashqadaryoda 2 yoshli qizaloq noto`g`ri emlangandan falaj bo`lib qoldimi?'ning rasmi

Ko`plab internet saytlarda  Ko`kdala tumanida ikki yoshli qizaloq noto`g`ri emlanganligi sababli falaj bo`lib qolganligi to`g`risida xabarlar tarqaldi. Holatga Qashqadaryo viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati munosabat bildirdi.

Bu holat yuzasidan viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlangani to`g`risida avval ma`lum qilgan edik. Viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati viloyat boshqarmasi mutaxassislari tomonidan mazkur holat batafsil o`rganildi.  

Aniqlanishicha, Ko`kdala tumani Naymansaroy mahallasida yashovchi, 2020 yilda tug`ilgan F.S. mazkur mahalladagi Galabek oilaviy shifokor punktida ro`yxatda turadi. Respublika bolalar milliy tibbiyot markazida unga "o`tkir bo`shashgan shol, Giyen-Barre sindromi (?)" tashxisi qo`yilgan. Mazkur kasalliklar kelib chiqish sababini aniqlash uchun epidemiologik surishtiruv o`tkazilib, bemorning tibbiy emlash va rivojlanish kartalari o`rganildi.

Galabek oilaviy shifokor punktida 6 oylikdan 5 yoshgacha bo`lgan bolalar uchun 730 doza qizamiq va qizilchaga qarshi vaksina olingan. 700 nafar bolada mazkur turdagi emlashlar o`tkazilgan. Emlangan bolalar bo`yicha surishtiruuv olib borilganida ularning hech birida emlashdan keyingi nojo`ya ta`sirlar kuzatilmagan. Shular qatorida bemor F.S. 2022 yil 23 noyabr kuni shifokor ko`rigidan keyin shamollash belgilari bo`lmaganligi sababli emlashga ruxsat berilgan. Bolaning otasining so`zlariga ko`ra, emlashdan so`ng kechasi bemorning harorati ko`tarilgan. Avvaliga xususiy shifoxona, so`ng Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasi mutaxassisi tomonidan berilgan tavsiyalar asosida uy sharoitida davo muolajalari qilingan. Ahvoli yaxshilanmagach, Samarqanddagi shifoxonada davolanish davom ettirilgan. Ijobiy o`zgarish kuzatilmaganligi sababli respublika bolalar milliy tibbiyot markazida tekshiruvdan o`tkazilib, yuqorida qayd etilgan tashxis asosida muolajalar qilingan. Yaxshi tomonga o`zgarish bo`lganidan keyin uyiga javob berilgan.  

Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati virusologiya xizmati laboratoriyasi tomonidan 2022 yil 21 dekabrda olib kelingan bemor F.S.ga tegishli material o`tkir bo`shashgan shol kasalligiga  tekshirilganida manfiy natija qayd etilgan. Ya`ni bolada bu kasallikni keltirib chiqaruvchi poliomielit va enteroviruslar aniqlanmagan.

 O`rganish xulosalariga ko`ra, bemorda kuzatilgan kasallik emlash asorati emasligi aniqlandi. Tashxis: "o`tkazilgan neyroinfeksiya asorati pastki paraparez". Ayni paytda bola viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi nazoratiga olinib, uy sharoitida parvarishlanmoqda, unda ijobiy tomonga o`zgarish kuzatilmoqda.

"Shu o`rinda eslatib o`tish zarurki, Milliy emlash taqvimi asosida bolalar o`rtasida o`tkaziladigan 13 turdagi kasallikka qarshi bepul emlashlar qatoriga kiradigan  qizamiq va qizilchaga qarshi vaksinasiya jarayoni davlatimizning xalqimiz salomatligi yo`lidagi ulkan g`amxo`rligi namunasidir. Bu jarayonning ahamiyatini to`g`ri anglash, uni qadrlash va bolalarning emlanishini ta`minlash har birimizning muhim vazifamizdir" deyiladi xabarda. 

    Boshqa yangiliklar