AsosiyJamiyat

"Hududiy elektr tarmoqlari" AJ aholiga sovuq kunlari elektr energiyasini tejash bo`yicha tavsiyalar berdi

'"Hududiy elektr tarmoqlari" AJ aholiga sovuq kunlari elektr energiyasini tejash bo`yicha tavsiyalar berdi'ning rasmi

Gidrometeorologiya xizmati ma`lumotlariga ko`ra, bugundan boshlab mamlakatimizga Volgabo`yi hududlaridan sovuq havo massasi kirib kelishi boshlanadi. Bunday anomal ob-havo sharoitida albatta, energiya resurslari, xususan elektr energiyasiga bo`lgan talab odatdagidan birmuncha ortadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, ayni kunlarda respublikamiz bo`ylab umumiy elektr energiya iste`moli  kunlik o`rtacha 220 mln. kVt soatni tashkil etishi kutilmoqda. Bu o`tgan yilning mos davriga nisbatan 12 mln. kVt.soatga yoki 7 foizga ko`pdir.

O`zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi xabariga ko`ra, energotizimda sodir bo`lishi mumkin bo`lgan yirik avariyalarni oldini olish, barcha iste`molchilarni bir maromda elektr energiyasi bilan ta`minlash maqsadida mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda tasdiqlangan grafiklarga asosan qisqa muddatli cheklovlar kiritilishi rejalashtirilmoqda.

O`z navbatida, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ kutilayotgan sovuq kunlarda elektr energiyasi me`yoridan ko`p iste`mol qilinishi natijasida past kuchlanishli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlariga tushayotgan yuklamalarni kamaytirish hamda avariyaviy holatlarni oldini olish maqsadida quyidagi tavsiyalarga amal qilish maqsadga muvofiqligini eslatib o`tdi:

-  xonadongizda yoki ish joyingizda samarasiz ishlab turgan elektr jihozlarni tarmoqdan ajratib qo`ying;

-  kutish rejimida qoldirilgan har qanday elektr jihozi, kam bo`lsada, elektr energiyasi sarflashini unutmagan holda, maishiy texnikalarni ulardan foydalanib bo`lingach tarmoqdan ajratib qo`ying;

-  zamonaviy led lampalardan foydalanishning choralarini ko`ring;  

-  sovuq kunlarda siz foydalanayotgan elektr isitish pechlarining sozligiga e`tibor bering. Nosoz pechlarni yaxshisi ishlatmang. Isitish pechlarini tarmoqqa ulagach esa ularni nazoratsiz qoldirmang. Yuklama natijasida simlar kuyishi va favqulodda holatlar kelib chiqishi mumkinligini yodda tuting;

-  isitish pechlari hamda kondisionerlardan kun davomida emas, balki vaqti-vaqti bilan foydalanish elektr tarmoqlariga tushadigan yuklamalarni sezilarli ravishda kamaytirishga xizmat qilishini unutmang;

-  kuchli shamol natijasida uzilib ketgan elektr simlari va boshqa nosoz elektr qurilmalar haqida tuman elektr ta`minoti korxonalari aloqa raqamlari hamda Jamiyatning 1154 qisqa raqamli Call-markaziga xabar bering.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan, o`z navbatida, tizim barqarorligini saqlash, iste`molchilarga elektr energiya etkazib berish uzluksizligi hamda elektr qurilmalar sozligini ta`minlash bo`yicha tegishli choralar ko`rilmoqda. Xususan, elektr tarmoqlarida favqulodda holatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish uchun hududlarda tunu kun ishlaydigan  956 ta avariyaviy brigadalar tashkil etilib, ularga 335 ta maxsus texnika va 760 ta avtotransport biriktirilganligini qayd etish joiz.

Bundan tashqari, 538 ta transformator, 319,3 tonna transformator moyi, 1 983 ta tayanch ustun, 38,5 tonna sim, 73,4 km kabel, 3 056 dan ortiq mufta va boshqa zarur elektr jihozlaridan iborat avariyaviy zaxira manbai yaratilgan.

    Boshqa yangiliklar