O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi tomonidan jamoatchilik nazorati tartibida joylardagi ijtimoiy soha ob`ektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini o`rganish ishlari olib borilmoqda.
Monitoring natijalari ushbu anomal sovuq va uzluksiz qor yog`ib turgan ob-havo sharoitida talaba va o`quvchilarning ta`lim tashkilotiga etib kelishi keskin qiyinlashishini ko`rsatdi. Bu haqda Federasiya Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Shu bois, ta`lim muassasalarida o`quv jarayonini boshlashning muddatini belgilashga doir qaror qabul qilishda ta`lim muassasalari ma`muriyati, ota-onalar va pedagoglar bilan maslahatlashgan holda ish tutish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Shuningdek, bunda qishloq joylardagi bolalarning bir necha kilometr uzoqlikdagi maktablarga piyoda qatnashini ham inobatga olish zarur. "O`zgidromet" xabariga ko`ra, ertadan boshlab respublikaning aksar hududida havoning keskin sovushi kutilmoqda. Natijada avtoyo`llarning muzlashi, bu esa yo`llarda yo`l-transport hodisalarning ko`payishiga olib kelishi mumkinligini unutmaslik lozim. O`ylaymizki, mas`ullar bu borada eng to`g`ri qarorga kelishadi. “Ta`lim to`g`risida”gi qonunning 27-moddasiga muvofiq, mahalliy davlat hokimiyati organlariga ta`lim tashkilotlari uchun o`quv ta`tillarini belgilash yoki ularni bekor qilib, o`quv jarayonlarini boshlash vakolati berilmaganini ta`kidlash joizdir.
Biroz avval, "Yuksalish" umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov mahalliy davlat hokimiyati organlari va ta`lim jarayonlariga mas`ul hududiy idoralarni maktabgacha va maktab ta`limi muassasalarida o`qish jarayonlarini keyingi haftadan boshlash masalasini ko`rib chiqishga chaqirgan edi.






