Toshkentdagi "Chilonzor buyum savdo kompleksi" AJ hududidagi savdo rastasi qatoridagi soyabonlar qulab tushgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqaldi.
Holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 2023 yilning 10 yanvar kuni Chilonzor tumanida joylashgan "Chilonzor buyum savdo kompleksi" AJ hududidagi 3-4 ayvonlar yon tomoni va 5-6 ayvonlar orqa tomonida yo`laklarda o`rnatilgan soyabonlar (naves) qor qalin yoqqanligi sababli og`irlikni ko`tara olmay egilib tushgan. Shu hududdagi fuqarolar va tadbirkorlar ularning xavfsizligini ta`minlash maqsadida evakuasiya qilindi. Ushbu savdo do`konlari bozor ma`muriyati bilan hamkorlikda vaqtinchalik yopildi. Hodisa Oqibatida tan jarohati olganlar yo`q.
Toshkent shahar IIB fuqarolardan qor qalin yog`ganligi sababli mustahkam bo`lmagan to`sinlar, soyabonlar va boshqa moslamalar ostida yurmaslikni so`radi.






