AsosiyJamiyat

O`zbekiston dunyodagi birinchi global "eTIR" transport operasiyasini amalga oshirdi

'O`zbekiston dunyodagi birinchi global "eTIR" transport operasiyasini amalga oshirdi'ning rasmi

2022 yil 27 dekabr kuni O`zbekiston va Ozarbayjon o`rtasida TIR-karnet kitobchalari asosida tashuvlarni elektron rasmiylashtirishni nazarda tutuvchi to`liq raqamlashtirilgan "eTIR" tashuvi  muvaffaqiyatli amalga oshirildi.  

Poytaxtdagi “Ark-Buloq” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postidan eksportga rasmiylashtirilgan sarxil va quruq mevalar ortilgan 4 ta konteynerdan iborat birinchi "eTIR" (multimodal) tashuvi o`zbek tashuvchisi tomonidan Toshkent xalqaro aeroportidan Ozarbayjonning Baku aeroportiga etkazildi va Baku Kargo Terminal bojxona postida "eTIR" elektron kafolati asosida importga rasmiylashtirildi.

Mazkur yangilik jahon biznes hamjamiyati tomonidan qizg`in qarshi olindi va nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy ommaviy axborot vositalari orqali keng e`tirof etilmoqda.

Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining rasmiy yangiliklar saytida mazkur loyiha Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari o`rtasida yuk tashish sharoitlarini yaxshilash g`oyasining haqiqiy timsoli deya baholangan.  

Evropa Iqtisodiy Komissiyasi rasmiy saytida ushbu voqelikni "xalqaro transportda raqamli davrning boshlanishi” deya e`tirof etdi.  Ta`kidlanishicha, hozirga qadar faqat O`zbekiston, Ozarbayjon va Gruziya "eTIR" xalqaro tizimiga integrasiyani to`liq yakuniga etkazgan.  Tunis, Pokiston va Turkiya bu yo`nalishdagi ishlarni hali davom ettirmoqda. Tashkilot 2023 yilda Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlarini bog`lovchi koridorlar bo`ylab "eTIR"ni ommalashtirishga asosiy e`tibor qaratilishini ma`lum qilgan.  

Turkiy davlatlar tashkiloti rasmiy saytida “O`zbekiston va Ozarbayjon dunyodagi birinchi global "eTIR" transport operasiyasini amalga oshirdi” deya bayonot berdi va o`z tabrigini yo`lladi.

“Ushbu yutuq transport va tranzit sohasida kelgusidagi hamkorlik va innovasiyalarni ilhomlantiradi, biz a`zo davlatlarimizning bu boradagi sa`y-harakatlarini qo`llab-quvvatlashga va yordam berishga tayyormiz” deyiladi tashkilotning rasmiy saytida e`lon qilingan materialda.  

Ozarbayjon iqtisodiyot vazirligi esa ikkala mamlakat o`rtasida elektron tarzda amalga oshirilgan ushbu tashuvni “qog`ozbozlik byurokratiyasi”ni chetlab o`tgan ilk tashuv deya baholadi.  

Shuningdek, mazkur yangilik Turkiya ommaviy axborot vositalari orqali ham keng yoritilmoqda. 

    Boshqa yangiliklar