Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi Butunrossiya Davlat Kinematografiya instituti (VGIK) filiali tomonidan "Sergey Bezrukov BDKI Toshkent filialida dars beradi” degan xabarlar tarqaldi. Mazkur xabar ortidan Kinematografiya agentligiga ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, kino muxlislar tomonidan bir qator savollar kelib tushmoqda.
BDKIning Toshkent shahar filiali direktori Eldar Yo`ldoshevning agentlik matbuot xizmatiga bergan ma`lumotiga ko`ra, Butunrossiya Davlat Kinematografiya instituti (VGIK) tizimidagi barcha filiallarda Sergey Bezrukovning aktyorlik ustaxonalari ochilmoqda. Shuni alohida ta`kidlash joizki, Toshkent filialida ham mazkur ustaxonani ochish ustida Moskvadagi bosh rektorat tomonidan ish olib borilmoqda. Shuningdek, mazkur ustaxonani Toshkentda ochish yuzasidan filial hamda Sergey Bezrukov o`rtasida bugunga kelib hech qanday qonuniy hujjat imzolanmagan.
O`zbekiston Kinematografiya agentligi Butunrossiya Davlat Kinematografiya instituti (VGIK) Toshkent filialining talabalarga sifatli ta`lim berish, ularga dunyo kinematografiyasining eng tajribali, taniqli ijodkorlaridan mahorat darslari olish imkonini beruvchi barcha loyihalarini qo`llab-quvvatlab, amaliy yordam berib kelmoqda.
Qayd etilishicha, 2021-2022 o`quv yilida O`zbekistonlik talabalar uchun nafaqat rossiyalik kinematografchilar, balki 70 ga yaqin davlatlardan kelgan kino ustalari bilan turli mavzularda ma`ruzalar va mahorat darslari, xorijiy mutaxassislar bilan ijodiy uchrashuvlar tashkil etilgan.
Ma`lumot uchun: 2021-2022 o`quv yilida fransiyalik kinorejissyor Lyuk Besson, angliyalik investor Martin Smit, polshalik kinorejissyor Kshishtof Zanussi, germaniyalik aktyor Mattias Xyuz, hind kinorejissyori Faruk Kabir, yaponiyalik aktrisa Minami, koreyalik prodyuser, IOVASIA direktori Mun Xyon Suk, angliyalik professor, Ijodiy va madaniy tadbirkorlik instituti direktori Djerald Lidstoun, Tojikiston xalq artisti Muhammad-Ali Maxmadov, Daniyaning “Danmon Group” va Germaniyaning “Arri Group” kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida shunday mahorat darslari bo`lib o`tgan.
"Sergey Bezrukov bilan bog`liq ijtimoiy tarmoq xabarlarida Respublika kinematografiya agentligi va ma`muriyatining pozisiyalarini noto`g`ri talqin qilgan holda, agentlik asosan rossiyalik kinoijodkorlar bilan hamkorlik qilayotgani iddao qilingan. Masalani chuqur o`rganmasdan turib, bir tomonlama yondoshuv asosida tayyorlangan bu kabi iddaolarni to`liq rad etamiz. Darhaqiqat, Kinematografiya agentligi Rossiya tomoni bilan 2022 yilda 4 ta kinoloyihani amalga oshirdi. Shu bilan birga Kinematografiya agentligi ayni paytda nafaqat Rossiya, balki dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlari - AQSh, Buyuk Britaniya, Italiya, Hindiston, Turkiya, Belorussiya, Qozog`iston, Pokiston, Qirg`iziston, Isroil, Tojikiston, Ozarbayjon kabi davlat kinomatografchilari bilan ham turli janr va mavzularda filmlar suratga olish bo`yicha yaqin hamkorlik qilmoqda", deyiladi bayonotda.
OAV vakillari, jurnalist va blogerlardan sohaga doir savollar, mulohazalar yoki ba`zi bir ma`lumotlar zarur bo`lsa, agentlik matbuot xizmatiga murojaat qilishlari so`ralmoqda.






