Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro shahar bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, 1,3 mlrd so`m kredit mablag`ini o`zlashtirgan korxona rahbari aniqlangan. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Ushbu jinoyatini “T.N.” oilaviy korxonasi rahbari F.G. hududiy tijorat banki filialining sobiq mas`ul shaxslari bilan o`zaro til biriktirgan holda amalga oshirgan. U korxonaga 2019 yilda ajratilgan kredit ta`minoti uchun garovga qo`yilgan mehmonxona binosini qayta garovga qo`yib, sun`iy ravishda qimmat narxda baholatgan. Qo`shimcha bino qurish uchun yana 900 mln so`m kredit ajratilishiga erishib, bank filialining jami 1,3 mlrd so`m kredit mablag`ini o`zlashtirish va rastrata qilish yo`li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish), 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o`z vakolatlarini suiiste`mol qilish) va 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






