Sovuq havo harorat tufayli quvurlarda gaz bosimining pasayishi, elektr tarmoqlari va transformator punktlarida yuklamalarning keskin ortishi kuzatilmoqda. Buning natijasida hududlardagi, xususan Toshkent shahri va viloyatidagi gaz va elektr tarmoqlarida nosozliklar yuzaga kelib, ta`minotda uzilishlar sodir bo`lmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xususan, kecha, 13 yanvar kun davomida 100dan ortiq elektr va gaz qurilmalarida yuzaga kelgan nosozliklar bartaraf etildi.
Nosozliklarni bartaraf etish uchun barcha korxonalarda 24 soat faoliyat yurituvchi maxsus brigadalar tashkil etilgan bo`lib, ular zarur transport vositalari, qo`shimcha elektr va gaz qurilmalari zaxiralari bilan ta`minlangan.
Bundan tashqari tarmoqlarda yuklamani kamaytirish hamda energiya resurslarini birinchi navbatda aholi va tibbiyot muassasalariga etkazib berish uchun yirik sanoat korxonalariga gaz va elektr energiyasi etkazib berish hajmi keskin kamaytirildi.
Bundan tashqari barcha hududlardagi ko`cha yoritish chiroqlarining bir qismi o`chirilib, undan tejalgan elektr energiyasi aholiga yo`naltirilmoqda.
“Shu o`rinda iste`molchilardan vaziyatni to`g`ri tushungan holda energiya resurslardan imkon qadar samarali foydalanishlarini, nostandart, energiya samarasiz qurilmalardan foydalanmasliklarini iltimos qilamiz. Iqtisod qilingan elektr energiyasi boshqa xonadonlarning chirog`i yonishiga sabab bo`ladi.
Hurmatli iste`molchilar! Elektr energiyasi ta`minoti bo`yicha 1154 qisqa raqami yoki “Telegram”dagi @HET_admin administratorga, gaz ta`minoti yuzasidan 1104, 104 telefon raqamlari yoki Facebook ijtimoiy tarmoqdagi guruhga murojaat qilishingiz mumkin.
Keltirilayotgan noqulayliklar uchun iste`molchilardan uzr so`raymiz”, - deyiladi xabarda.