AsosiyJamiyat

Nukus voqealari bo`yicha sudlanuvchilardan biri Lolagul Qallixanova boshqa sudlanuvchilar uchun ham qamoqda o`tirib berishga roziligini bildirdi

'Nukus voqealari bo`yicha sudlanuvchilardan biri Lolagul Qallixanova boshqa sudlanuvchilar uchun ham qamoqda o`tirib berishga roziligini bildirdi'ning rasmi

1−2 iyul kunlari Nukusda sodir bo`lgan voqealar yuzasidan 28 noyabrda boshlangan sudda tergov jarayoni yakunlandi.

Manbaning xabar berishicha, shundan so`ng muzokaralar boshlanib, davlat ayblovchisi suddan gumondorlarga ma`lum jazolarni, shu jumladan, jurnalist Lolagul Qallixanovaga 11 yil qamoq jazosini berishni so`radi.

Advokatlar chiqishidan keyin sudlanuvchilarga ham himoya uchun so`z berildi. Makan.uz internet-nashri ma`muri Lolagul Kallixanova qilgan qilmishimdan chin ko`ngildan pushaymon ekanligi, so`nggi «o`ylamay qilgan» videomurojaati, Makan.uz sayti orqali chiqarilgan materiallar sabab tinch xalqni buzg`unchilikka boshlaganini tushunib etganini qayd etdi.

«Hurmatli sud qatnashuvchilari, qilgan qilmishimdan chin ko`ngildan pushaymon ekanligimni bildiraman. Men o`zimning so`nggi o`ylamay qilgan videomurojaatim, Makan.uz sayti orqali chiqarilgan materiallar orqali tinch xalqni buzg`unchilikka boshlaganimni, shuncha odamning umriga zomin bo`lganimni, qanchadan-qancha odam qamalganini yana tergovga olib kelinganini anglab etdim», — dedi u.

«Men O`zbekistondan shu kungacha ozodlikda ham, hatto qamoqda yotganimda ham faqatgina g`amxo`rlik ko`rdim. Hech qachon yomonlik ko`rmadim. Tergov jarayonida ham men bilan insoniy munosabatda bo`lishdi. Biroq, qamalayotganimda juda ko`p yomon narsalarni kutgandim. O`zimning fikrim yomon bo`lgani ortidan davlatdan yomonlik kutganimdan, xalqimga zarar etkazganimdan juda uyatliman. Tergovda xolimdan xabar olinishi bu faqat odamgarchilikning belgisidir. Shu o`rinda bunday ishlarning amalga oshirilishiga (tergov jarayonidagi insoniy munosabatlar nazarda tutilmoqda — tahr.) boshchilik qilayotgan rahbarlarga, hurmatli prezidentimizga mingdan ming rahmat aytaman», — dedi sudlanuvchi.

Lolagul Kallixanova shuningdek, «bu holatlar uchun davlat rahbaridan kechirim so`rolmayman, bunga yuzim chidamaydi» deya ta`kidladi.

«Kecha Jo`qorg`i Kenges raisi kelganda ham aytgandim, sudlanuvchilar orasida 1998 yilda tug`ilgan bola ham bor. U 25 yoshga chiqqani bilan baribir men uchun yosh boladay. Bizlarga o`xshagan odamlarga ergashib ketgani o`zining qat`iy bir fikri bo`lmaganini anglatadi. U bola Toshkentda ishlab yurgan joyidan tungi soat 02:00 da qaytib kelib, hatto uyiga bormay, to`g`ri namoyishlarga qo`shilib ketgan. Bu faqat bitta misol. Bunga o`xshagan qancha misollar bor yana? Unga o`xshagan qancha bola ketdi yana? Qanchadan-qancha oila barbod bo`ldi», — dedi u.

«Ertalab uyidan bozorga, ishga, o`qishga ketdim deb ketib qaytib kelmagan 19 nafar odamning o`limi, shu voqealar sabab bir necha yuzlab odamlarning 6 oylab qamoqda o`tirishiga men sababchi bo`lgan bo`lsam, men jazoga loyiqman, rosti», — dedi jurnalist.

«Misol uchun o`sha 1998 yilda tug`ilgan yigit ortimda o`tiribdi. Seydabulla Medetov degan yigit Makan.uz`dan olib, nusxalab bosgan so`zlari boshiga balo bo`lib turibdi. 8−5 yil qamoq so`ralyapti. Shularning barchasiga men sababchiman. Xalqning oldiga chiqib gapiradigan odam aytadigan so`zini 7 marta emas, 70 marta o`ylanib gapirishi kerak ekanligini endi tushinib etyapman. Bu juda o`kinchli holat», — deya qayd etdi ayblanuvchi.

«Sudning birinchi kunida ham bu so`zlarimni aytgandim. Men allaqachon vijdonim oldidagi bir umrlik sudda javob berishga mahkumman. Men o`zim himoya qilmoqchi bo`lgan Vatanimga, xalqim boshiga shu kunlarni solganim uchun o`zimni aybdor deb bilaman. Shuning uchun hurmatli raislik qiluvchi, siz men qilgan jinoyatga qanday jazo bersangiz ham, Jinoyat kodeksida qanday javobgarlik bo`lsa ham roziman. Men bilan sudlanayotganlarga qamoq bilan bog`liq bo`lmagan jazo bersangiz. Ular uchun ham [o`zim] qamoqda o`tirib berishga roziman», — dedi Lolagul Kallixanova.

Uning so`zlariga ko`ra, boshqa sudlanuvchilar dastlabki tergovda Lolagul ayol kishi bo`lgani bois tanimasligini aytishgan.

«Menimcha, ular mening ayol kishi bo`lganim uchun meni sotmagan. Menga qarshi ko`rsatma bermagan. Bunga yigitlik or-nomusi yo`l qo`ymagan. Aslida esa ularning ko`pchiligi Makan.uz`dagi videomurojaatim sabab voqealarga aralashib qolgan», — dedi u.

Gumondor «bular sud oldida emas, balki vijdoni oldida aytmoqchi bo`lgan so`zlari» ekanini ta`kidladi.

«Hurmatli yoshlar har doim ota-onangizni, yaqin qarindoshlaringizni maslahatini oling. Faqat tinchlik tarafdori bo`ling. Xalqning ishonchiga kirib yurgan bo`lsa ham begona odamning gaplariga ishonmang. Hech qachon menga o`xshagan odamlarning, qiz bolaning gapiga ergashmang!» — deya qayd etdi sudlanuvchi.

Uning fikricha, qamoqda o`tirib, kimga ergashib boshimga bu savdolar tushdi, deb o`ylaganda allaqachon kech bo`lgan bo`ladi.

«Sizga ota-onangizdan, tug`ishganlaringizdan ham yaqinroq qayg`uradigan odam yo`q. Siz qamoqda o`tirib ota-onangiz haqida ming qayg`urganingiz bilan ularga hech qanday yordam berolmaysiz. Hurmatli ota-onalar farzandlaringizni Telegram, Whatsapp, Youtube`dagi akkauntlarini nazorat qilib boring. Hozir bizlar xavfli axborot kurashi asrida yashayapmiz. Birgina video farzandlaringizning, o`zingizning umringizni ostun-ustun qilib yuborishi mumkin. Bunga misol men! Bu erda o`tirganlar men qilgan ishlarni qilmang. Ham so`rarim qo`lingizdan kelsa, meni kechiring», — deya so`zladi Lolagul Kallixanova.

«Men hozir 244−1-modda bilan ayblanayapman, lekin mening o`zimda separatizm bo`lmagandi. Farzandlaringiz bizlarga o`xshab odamlarni, qiz bolani so`ziga ergashib ko`chaga chiqib ketishlariga yo`l qo`ymang. Ular ham hayoliga keltirmagan moddalar bilan ayblanib ketishlari mumkin. Shuning uchun iltimos farzandlaringizni nazorat qilib boring doim, telefonlarini tekshirib turing, qanday video ko`ryapti. Kecha ko`rdim 2001 yil yo 2002 yilda [tug`ilgan], Moskvada o`qiydigan bola hatto «Alg`a Qaraqalpaqstan»ga qo`shilib, [ularning] ichida o`tiribdi. Agar shu videoni ko`rib turgan bo`lsangiz, yana bir marotaba kechirim so`rayman», — dedi u.

«Hudo haqqi, men 5 iyulda bo`ladigan bo`lsa, [Dauletmurat Tajimuratov Konstitusiyani o`zgartirishga qarshi] imzo yig`sa kerak, deb o`ylab, shu gaplarni aytgandim. Lekin tosh ko`tarib ko`chaga chiqib ketadi, deb o`ylamagandim. Qo`lingizdan kelsa kechiringlar, aslida odam o`limiga olib keladigan holatlar bo`lishini bilmagandim. Bilganimda hech qachon unday narsani oqlab chiqmas edim. So`nggi so`zim shundan iboratki, qilgan jinoyatim DXXda o`tirganimda bo`ynimga qo`yib berildi, shuning uchun men qanday jazoga munosib bo`lsam men shu jazoni olishga tayyorman», — deya so`ziga yakun yasadi Kallixanova.

Eslatib o`tamiz, Lolagul Kallixanovaga Jinoyat kodeksining 28, 104-moddasi 3-qismi «a» bandi (ishtirokchilikda qasddan badanga og`ir shikast etkazish), 159-moddasi 4-qismi (O`zbekistonning konstitusiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 244-moddasi 3-qismi (ommaviy tartibsizliklar) va 244−1-moddasi 3-qismi «a», «b», «g» bandlari (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bo`yicha ayblov e`lon qilingan; prokuratura ma`lumotlariga ko`ra, u Qoraqalpog`istonning amaldagi hukumatini ag`darib tashlab, hududda hokimiyatni egallash maqsadida uyushgan guruh tashkil etishda ayblanayotgan Dauletmurat Tajimuratovning «guruhi bilan birlashib, ijtimoiy tarmoqlar orqali separatizm g`oyalari bilan yo`g`rilgan, aholini ommaviy tartibsizlikka da`vat qiluvchi materiallarni tarqatib kelgan».

Kallixanova 1 iyul kuni Toshkentda faoliyat yuritib, Makan.uz Telegram-kanali orqali so`nggi videomurojaatini e`lon qilgach, yo`qolib qolgandi. Dastlab xorijiy manbalarda uning vafot etgan haqida ham xabarlar tarqaldi, ammo bu gap-so`zlar tezda rad etildi. 8 iyul kuni Bosh prokuratura uning «harakatlarida jamoat xavfsizligiga tajovuz qilish jinoyati alomatlari» aniqlangani, u shu bois «gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, prosessual tartibda ushlangani»ni ma`lum qildi.

    Boshqa yangiliklar