Bugun, 2023 yil 16 yanvar kuni soat 11:30 da Termiz shahri Shimoliy darvoza ko`chasi 15-uyda joylashgan Termiz davlat universiteti akademik liseyi binosini portlash sodir bo`ldi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Liseydagi isitishga mo`ljallangan qozonxonada tashqi tomon quvurlarining muzlab qolishi oqibatida ortiqcha bug` to`planib, ichki bosim yuqori darajada ortib ketishi natijasida portlash hodisasi sodir bo`lgan.
Portlash natijasida shu yaqin atrofda faoliyat olib borayotgan xodimlar P.A. va B.A. lar zarb tufayli tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etgan, yana bir xodim N.X. tan jarohati olganligi sababli Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy-amaliy markazi Surxondaryo filialiga yotqizilgan.
Voqea joyiga viloyat hokimi Ulug`bek Qosimov, viloyat prokurori, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshliqlari hamda boshqa mas`ullar, shuningdek, tezkor-tergov guruhi a`zolari etib kelishgan.
Mazkur holat yuzasidan Termiz shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Olib borilayotgan tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Eslatib o`tamiz, kecha, Sirdaryodagi portlashda ikki fuqaro vafot etdi, bir nafari jarohatlangan edi.






