O`zbekistonga Turkmanistondan gaz importi to`liq to`xtatildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, anomal sovuq tufayli 12 yanvarda qo`shni mamlakatning tabiiy gaz qazib chiqarish konlarida yuzaga kelgan avariyaviy holat tabiiy gaz importining to`liq to`xtashiga va boz ustiga elektr energiyasi importining 20 foizga qisqarishiga sabab bo`ldi.
Energiya resurslari taqchilligi kuzatilayotgan paytda ushbu resurslarni birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha ob`ektlariga etkazib berish uchun elektr energiyasi eksporti to`xtatildi.
Bundan tashqari, yirik sanoat korxonalariga energiya resurslarini etkazib berish hajmi o`rtacha 70–80 foizga qisqartirilgan.
"Shu ko`rilgan choralarga qaramasdan respublikaning elektr energiyasi iste`moli eng baland ko`rsatkichga, ya`ni 250 million kilovatt-soatga chiqdi. Shuningdek, tabiiy gazga bo`lgan kunlik talab qazib chiqarishga nisbatan yuqoriligicha saqlanib qolmoqda", deyiladi vazirlik xabarida.
Ma`lumot uchun, 2022 yil 31 dekabr kuni cheklov kiritilmagan va kunlik elektr energiyasi iste`moli 220 million kilovatt-soatni tashkil etgan.
Tabiiy gazni aholiga yo`naltirish uchun issiqlik elektr stansiyalarida tabiiy gaz yoqish hajmi kamaytirilib, zaxiradagi mazut yoqilg`isi rejaga nisbatan 3 barobarga ko`p yoqilmoqda.