Eslatib o`tamiz, bugun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida energiya resurslari ta`minoti yuzasidan o`tkazilgan yig`ilishda "Svet" va gaz muammosi ortidan Toshkent shahar hokimi va yana ikki mansabdor ishdan olingan edi.
Shundan so`ng Toshkent shahar hokimining birinchi o`rinbosari Baxtiyor Raxmonov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Rahmonov boshchiligida kengaytirilgan yig`ilish bo`lib o`tdi.
Yig`ilishda, shahar hokimi o`rinbosarlari, shahar va tuman sektorlari rahbarlari, bosh boshqarma va boshqarma boshliqlari, tashkilotlar mas`ullari ishtirok etdi.
Baxtiyor Raxmonov Prezident tomonidan qayd etilgan barcha kamchiliklar, avvalo, bugungi kunda dolzarb bo`lgan elektr energiyasi va gaz ta`minotidagi uzilishlarni bartaraf etishga asosiy e`tibor qaratdi.
Hokimlik axborot xizmatining xabar berishicha, yig`ilishda bir hafta mobaynida barcha tumanlardagi mahallalarda aholining tabiiy gaz va elektr energiyasiga bo`lgan ehtiyojini qondirish, sodir bo`layotgan uzilishlarni qisqa vaqt ichida bartaraf etish vazifalari belgilab olindi.
"Buning uchun mutasaddilarga ishga jiddiy kirishish, bor imkoniyatlardan oqilona foydalanish, qo`shimcha kuchlarni jalb etish topshirig`i berildi",–deyiladi xabarda.






