“Tolibon” tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Mutaqqiy O`zbekistondan shartnoma asosida elektr energiyasi eksport qilishni so`rab, murojaat bilan chiqdi. Bu haqda Hasht-e Subh Daily xabar berdi.
Mutaqqiy bunga Afg`onistonning Kobul shahri va viloyatlarida elektr energiyasi taqchilligi davom etayotganini sabab sifatida ko`rsatgan.
Shuningdek, u Kobuldagi Afg`oniston qishloq xo`jaligini rivojlantirish jamg`armasi ochilishida O`zbekiston hukumati va Afg`oniston elektr energiyasi kompaniyasi o`rtasida imzolangan shartnomaga muvofiq o`z va`dalarini bajarishiga umid bildirgan.
Ma`lumot o`rnida, O`zbekistondan import qilinadigan elektr energiyasi Afg`onistonning qator viloyatlarini ta`minlab kelayotgan edi. Kobul hamda Parvon, Kapisa, Panjsher, Nangarhor, Lag`mon, Logar, Paktiy, Xost, Maydon Vardak, G`azni va Bag`lon viloyati shular jumlasidan.
Eslatib o`tamiz, shu yilning 13 yanvar kuni texnik nosozlik tufayli O`zbekistondan Afg`onistonga eksport qilinadigan elektr energiyasi to`xtatgan edi.