Vladimir Zelenskiy davlat xizmatchilariga xorijda dam olishni taqiqladi va qator amaldorlarni ishdan oldi. Bu haqda "Zamon.uz" xabar bermoqda.
O`zining kunlik videomurojaatida Ukraina etakchisi milliy xavfsizlik kengashi “prinsipial” qaror qabul qilganini va mahalliy deputatlardan tortib kuchishlatar tizim vakillarigacha xorijda dam olishni taqiqlaganini aytgan.
Shu bilan birga turli darajadagi vazirliklar va tizimlarda kadrlar o`zgarishi bo`yicha ma`lumot bergan. Zelenskiy aniq nomlarni aytmagan bo`lsa-da, OAVda bir qator amaldorlarning nomini keltirgan.
Masalan, Ukraina bosh prokurori o`rinbosari Aleksey Simonenko Yangi yilda Ispaniyaga borgan. UNIAN nashriga ko`ra, undan o`z xohishiga ko`ra ariza yozishni so`rashgan.
Bundan tashqari, Ukraina prezidenti ofisi rahbari o`rinbosari Kirill Timoshenko ham iste`foga chiqarilgan. U mamlakatdagi eng yirik korrupsionerlardan biri sifatida ko`riladi. Ayrim OAVga ko`ra, Timoshenkoning bo`shatilishi ortida shaxsan AQSh turibdi.