Avvalroq, Toshkent viloyatining Toshkent tumanida chaqiruv asosida kelgan "Tez yordam" xodimiga xonadon egasi tomonidan jarohat etkazilgani haqida xabar bergan edik.
Sog`liqni saqlash vazirligi holat bo`yicha qo`shimcha tavsilotlarni ochiqladi.
Jabr ko`rgan "Tez yordam" xodimi Toshkent tibbiyot akademiyasi ko`p tarmoqli klinikasiga olib borilgan. Tekshiruvlar natijasida u “Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, o`ng tomon yonoq sohasi ko`kargan jarohati, o`ng tomonlama yonoq sohasi va periorbital sohaning teriosti gematomasi” tashxisi bilan shoshilinch neyroxirurgiya bo`limiga yotqizilgan. Hozir bemor belgilangan standartlar asosida tibbiy muolajalarni olmoqda.
Sog`liqni saqlash vazirligi mazkur holatni o`z nazoratiga olgan. Shuningdek, vaziyatga qonun doirasida huquqiy baho berilishi uchun barcha zarur choralarni ko`rmoqda.
Ayni paytda 24 yoshli fuqaro O`.A. ichki ishlar organlari tomonidan prosessual tartibda ushlangan, holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.