AsosiyJamiyat

Toshkentda nogironligi bor fuqarolar uchun 4,5 mlrd so`m ajratiladi

'Toshkentda nogironligi bor fuqarolar uchun 4,5 mlrd so`m ajratiladi'ning rasmi

Jahon banki nogiron fuqarolarga grant mablag`lari ajratadi. Bu haqda Toshkent shahar hokimi o`rinbosari Durdona Rahimova boshchiligida mutasaddilar Jahon bankining mas`ul mutaxassislari bilan uchrashuvida ma`lum qilindi.

Ma`lum qilinishicha, hozirgi kunda Toshkent shahrida 49552 nafar nogironligi bor fuqarolar istiqomat qiladi, shuningdek, davlat ta`minotida bo`lgan ikkita Muruvvat uyi mavjud: ularning biri katta yoshdagi, ikkinchisi esa bolalar uchun ixtisoslashtirilgan.

Yig`ilishda Mirzo Ulug`bek tumanidagi “Muruvvat” erkaklar uchun internat-uyining bir qismi ta`mirlanayotganligi, Yunusobod tumanidagi “Muruvvat” uyi hududida esa bog` tashkil etilayotganligi qayd etildi. Bunday xayrli ishlar joriy yilda ham davom ettirilib, 4,5 milliard so`m mablag` ajratish ko`zda tutilganligi to`g`risida ma`lumotlar berildi.

Jahon banki mas`ul mutaxassislari O`zbekiston hukumati “Nogironlar huquqlari to`g`risida”gi Konvensiyani ratifikasiya qilganligini, ushbu yo`nalishda olib borilayotgan ishlardan xabardorligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlik o`rnatilganligi, lekin mavjud holat tahlil etilganda, nogironlar uchun yaratilishi lozim bo`lgan shart-sharoitlar etarli darajada emasligini ta`kidlashdi.

Shuning uchun yangi barpo etilayotgan ko`p qavatli uylar, zamonaviy xizmat ko`rsatish majmualarida nogironlar uchun alohida yo`lakchalar qurish, ularning salomatligiga g`amxo`rlik qilish, ayniqsa, iqlim o`zgarishlari bilan bunday fuqarolarning sog`ligiga e`tiborni kuchaytirish maqsadida grantlar ajratish tavsiya etildi.

    Boshqa yangiliklar