AsosiyJamiyat

O`zbekistonda 1 aprelgacha ichki bozorlarga qo`shimcha piyoz kiritiladi

'O`zbekistonda 1 aprelgacha ichki bozorlarga qo`shimcha piyoz kiritiladi'ning rasmi

Qishloq xo`jaligi vazirligi O`zbekistonda qo`shimcha talab etiladigan 37,5 ming tonna piyozni 1 aprelga qadar ichki bozorlarga kiritish chora-tadbirlari belgilangani haqida ma`lum qildi. Qayd etilishicha, 23 yanvar kuni o`tkazilgan monitoringlarda saralanmagan piyozning ulgurji narxlari o`rtacha 6 500 so`mni, dehqon bozorlaridagi arzonlashtirilgan maxsus rastalarda 5000 so`mni, savdo markazlari va supermarketlarda 7 700 so`mni tashkil etgan. Piyozning ulgurji narxi 1 yanvar kuniga nisbatan 2 900 so`mga, maxsus rastalarda 2000 so`mga, savdo markazlarida 3 550 so`mga oshgan.

«Narxlarning oshishiga havo haroratining O`zbekiston sharoitida juda kam kuzatiladigan darajada keskin sovushi oqibatida dehqonlar ixtiyoridagi piyozning ustki qismi muzlaganligi hamda ayrim yoqilg`i quyish shaxobchalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritilganligi tufayli logistika narxlarining oshishi ta`sir etgan. Mazkur holatlar esa mahsulotni bozorga etkazish zanjirida vaqtinchalik uzilishlarga olib kelgan», — deyiladi xabarda.

Vazirlik ma`lumotlariga ko`ra, hozirda hukumat qaroriga muvofiq hududlarda tashkil etilgan zaxiralarda 51 ming tonna, aholi xonadonlarida 200 ming tonna piyoz zaxirasi mavjud. Zaxiraga jamg`arilgan mahsulotlarning barchasi tuman hokimligi va departament organlari bilan birgalikda bozorlarda tashkil etilgan arzonlashtirilgan maxsus rastalar hamda mahallalardagi ko`chma savdo yarmarkalari orqali aholiga manzilli ravishda etkazib borilmoqda.

Ichki iste`mol bozorini piyozga bo`lgan ehtiyojini kafolatli ta`minlash hamda narxlarning o`sishini oldini olish maqsadida 1 aprelga qadar qo`shimcha talab etiladigan 37,5 ming tonna piyozning bozorlarga kiritish chora-tadbirlari belgilab olingan. Respublikadagi ayrim hududlarning ehtiyojidan ortiq miqdorda etishtirilgan piyozni boshqa hududlarga manzilli etkazish maqsadida bozorlardagi qo`shimcha ehtiyoj kundalik monitoring qilib borilmoqda.

O`z navbatida Qishloq xo`jaligi vazirligi O`zbekistonda 2023 yilning 1 yanvaridan 4 oyga piyoz eksportiga vaqtincha cheklov o`rnatilganini ma`lum qildi.

«Boshqa mamlakatlarning Qozog`iston piyoziga bo`lgan ajiotaj talabi Osiyo va jahondagi eng yirik piyoz etishtiruvchilardan biri bo`lmish Pokistondagi tabiiy ofatlar bilan bog`liq. Bu mamlakatdagi suv toshqinlari jahon miqyosida, jumladan, respublikamiz bozorida ham piyoz narxi oshishiga olib keldi. Anomal sovuq tufayli Qozog`istonning janubiy viloyatlarida, shuningdek, O`zbekistonda ham ushbu mahsulot boy berilishi mazkur vaziyatda qo`shimcha bosim o`tkazmoqda. Asosiy piyoz etishtiruvchilar hozirgi kunda Qozog`iston piyozini faol ravishda import qilmoqda», — deyiladi Qozog`iston Qishloq xo`jaligi vazirligi bayonotida.

    Boshqa yangiliklar