O`zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko`maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Surxondaryo viloyati kengashi tasarrufidagi Termiz avtomobil maktabida 46 nafar afg`onistonlik fuqarolar “B” toifasi bo`yicha o`qitildi. Bu haqda tashkiloti Matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Evropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturining qo`shma loyihasi asosida o`qigan xorijliklarga haydovchilik guvohnomalarini topshirish marosimi bo`lib o`tdi. Tadbirda ishtirok etgan Evropa Ittifoqining O`zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian va BMT Taraqqiyot dasturining O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Matilda Dimovska, Surxondaryo viloyati hokimligi vakillari ushbu amaliyot Afg`onistondagi qayta tiklash ishlariga ko`rsatilayotgan yordamlardan biri ekanligini, O`zbekistonda yana ko`plab afg`onistonliklarni turli kasblarga tayyorlash ishlari davom ettirilishini bildirdilar. Shu o`rinda Sharlotta Adrian o`zbekistonlik mutasaddilarga kelgusida afg`onistonlik ayollarni hamshiralik ishi bo`yicha o`qitish taklifini bildirdi.
Yuqoridagi loyiha asosida Termiz tumanida tashkil etilgan Afg`oniston fuqarolarini o`qitish ta`lim markazida yana 35 nafar afg`onistonlik tikuvchilik kasbiga tayyorlandi.