AsosiyJamiyat

O`zbekistonliklar topgan daromadining 40-50 foizini oziq-ovqat sotib olishga sarflamoqda

'O`zbekistonliklar topgan daromadining 40-50 foizini oziq-ovqat sotib olishga sarflamoqda'ning rasmi

O`zbekiston aholisi topgan daromadining 40-50 foizini oziq-ovqat mahsulotlari sotib olish uchun sarflamoqda. Bu haqda Bosh vazir o`rinbosari Jamshid Qo`chqorov bugun - 31 yanvar kuni bo`lib o`tayotgan Oliy Majlis qonunchilik palatasi majlisida ma`lum qildi, deya xabar bermoqda "Darakchi.uz" muxbiri Oybek Shukurov.

Jamshid Qo`chqorovning ta`kidlashicha, 2022 yilda mamlakatda oziq-ovqat ishlab chiqarish hajmi 20 foizga o`sgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar Vazirlar Mahkamasining 2022–2026 yillarga mo`ljallangan Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasini "Inson qadrini ulug`lash va faol mahalla yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2022 yilda bajarilishi to`g`risidagi hisobotini muhokama qilishdi.

Qonunchilik palatasining yalpi majlisida ta`kidlanishicha, Hukumat tomonidan Davlat dasturi o`z vaqtida, to`liq va sifatli bajarilishini ta`minlash maqsadida tegishli chora-tadbirlar ko`rilgan. Natijada, 2022 yilda yalpi ichki mahsulotning o`sishi o`tgan yilning shu davriga nisbatan 105,7 foizni, shundan yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat – 105,2 foizni, xizmatlar – 108,5 foizni, qishloq, o`rmon va baliqchilik xo`jaligi – 103,6 foizni tashkil qilgan. Davlat budjetining jami xarajatlari 236,6 trln. so`mni, shundan ijtimoiy sohalarga yo`naltirilgan xarajatlar 177,7 trln. so`mni tashkil qildi.

Davlat dasturi ijrosi doirasida maktabgacha ta`limdagi qamrov darajasini oshirish bo`yicha zarur choralar ko`rildi. Masalan, 647 655 nafar 6 yoshli bolalar (90 foiz) maktabga tayyorlov tizimi bilan qamrab olinib, qamrov darajasi 67 foizdan kamida 90 foizga etkazildi. Shu bilan birga, 2048 ta nodavlat maktabgacha ta`lim tashkiloti faoliyati yo`lga qo`yildi.

Maktablarda ta`lim sifatini oshirish, pedagog-kadrlarning bilimi va malakasini xalqaro darajaga olib chiqish maqsadi bo`yicha ham qator ishlar qilindi. Jumladan, pedagoglarni yangi metodikalarga o`rgatish milliy markazlarida 100 ming nafar, maxsus platforma orqali 44 979 ming nafar o`qituvchilar malakasi oshirildi. Yil boshiga nisbatan toifaga ega o`qituvchilar soni 220 110 nafardan 325 818 nafarga yoki 43,8 foizdan 64,8 foizga oshirilishi ta`minlandi.

Parlamentga taqdim etilgan hisobotda qayd etilganidek, aholiga ko`rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, tibbiy xizmatlarni markazlashtirish va aholini tibbiy sug`urtalash amaliyotini joriy qilish maqsadida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Xususan, 106 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinika, 1000 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Bu orqali 3,5 mln. aholiga birlamchi tibbiy xizmat yaqinlashtirildi. Ilg`or xorijiy tajribalar asosida aholining kafolatlangan bepul tibbiy xizmatga bo`lgan ehtiyoj balansi ishlab chiqildi. "Tibbiyot brigadalari"ga qo`shimcha 3 600 ta pediatriya hamshirasi va doya shtatlari ajratildi. Oilaviy shifokorlar tomonidan bepul tarqatiladigan dorilar 45 turdan 70 turga etkazildi.

Shu bilan birga, 820 ta birlamchi tibbiyot muassasasiga tashxis uskunalari etkazib berildi. Oilaviy poliklinikalarda 19 mingdan ziyod kunduzgi shifo o`rinlari tashkil etildi. Buning natijasida 740 ming aholiga shifoxonaga bormasdan, mahallaning o`zida davolanish imkoniyati yaratildi.

Majlisda aytilishicha, 2022 yilda davlat budjetining jami xarajatlari 236,6 trillion so`mni tashkil etgan. Shundan ijtimoiy sohaga 178 trillion so`m yo`naltirilgan va bu xarajatlar miqdori 2021 yilga nisbatan 26 foizga oshgan. Geologik loyihalar amalga oshirilishi natijasida oltin zaxirasi 15 tonnaga, kumush 21 tonnaga, mis 20 000 tonnaga, volfram 1,5 ming tonnaga, ohaktosh 1,4 million tonnaga ortgan.

O`zLiDeP fraksiyasi a`zolari partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, Davlat dasturining iqtisodiyotni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlarga alohida e`tibor qaratdilar. Deputatlar hisobot davrida tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish va doimiy daromad manbalarini shakllantirish uchun sharoitlar yaratish, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 80 foizga, eksportdagi ulushini esa 60 foizga etkazish bo`yicha qilingan ishlarni ijobiy baholadilar. O`z navbatida, makroiqtisodiy barqarorlikni ta`minlash, milliy iqtisodiyotning drayveri bulgan tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlashga karatilgan siyosatni davom ettirish, hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarining sifatli va samarali ijrosini ta`minlash bo`yicha qator takliflar berdilar. Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini, xususan, energetika sohasida transformasiya jarayonlarini jadallashtirish zarurligiga e`tibor qaratishdi.

O`zMTDP fraksiyasi deputatlari ta`kidlaganidek, fraksiya yig`ilishida maktab yoshigacha bo`lgan bolalarni maktabga tayyorlov guruhlariga jalb etish, boshlang`ich sinf o`quvchilarini bepul ovqatlantirish bo`yicha amalga oshirilgan ishlar hamda milliy kino sohasini rivojlantirish borasida belgilangan vazifalar ijrosi atroflicha ko`rib chiqildi. Shundan kelib chiqib, fraksiya ta`lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, pedagog va tarbiyachilar tayyorlash bo`yicha olib borilayotgan ishlarni jadallashtirish yuzasidan takliflar berib, amaliy ishlarga ko`proq ahamiyat qaratish kerakligini ilgari surishdi.

"Adolat" SDP fraksiyasi a`zolari korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish choralari ko`rilayotganini e`tirof etish bilan birga, amaliyotda bu borada hali-hanuz ayrim muammolar, xususan, inson omili saqlanib qolayotganligi, shu bois, ayrim sohalarda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi holatlarning oldini olish maqsadida raqamli texnologiyalarni keng joriy etishni yanada kengaytirish lozimligini qayd etdilar.

O`zXDP fraksiyasi a`zolari ta`kidlaganidek, "Temir daftar", "Yoshlar daftari" va "Ayollar daftari" aholining ijtimoiy himoyasida muhim qadam bo`ldi. Bu orqali, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini aniqlash, ularga tizimli yordam ko`rsatish, ularni kambag`allikdan chiqarish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bois, fraksiya a`zolari joriy yilda mazkur yo`nalishdagi ishlarni davom ettirish, ushbu tizimni yanada takomillashtirish, kambag`al aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish Hukumat faoliyatining asosiy yo`nalishi bo`lishi kerak, deb hisoblaydi.

O`zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi vakillari hududlarning ekologik holatini yaxshilash maqsadida "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida yil davomida 200 mln.dan ziyod daraxt va buta ko`chatlari hamda qalamchalari ekilib, elektron platformaga kiritilgani, aholini sanitar tozalash xizmati bilan qamrab olish darajasi 95 foizga, chiqindilarni qayta ishlash 32,4 foizga etkazilganini e`tirof etib, atrof muhitga ta`siri xavfi yuqori darajadagi ob`ektlarning ifloslantiruvchi manbalaridan avtomatik ravishda namunalar olish uchun avtomatik stansiyalarni o`rnatish bo`yicha ishlarni belgilangan muddatlarda yakunlash yuzasidan takliflar berishdi.

Majlisda Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo`mitasi raisi Sh.Nazarov Davlat dasturi ijrosi bajarilishi yuzasidan amalga oshirilgan qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil tadbirlariga to`xtalib o`tishdi. Xususan, hisobot davrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan inson qadrini yuksaltirish, sud-huquq tizimini isloh qilish, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash, qishloq xo`jaligida intensiv texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish, ijtimoiy sohani ravnaq toptirishga qaratilgan qonunlar qabul qilingani va ularning ijrosi joylarda muntazam o`rganib borilganini alohida qayd etishdi.

    Boshqa yangiliklar