Prezident Shavkat Mirziyoev Marg`ilon shahridagi “Oltin ipak karvonsaroyi” turistik markazini borib ko`rdi.
Bu erga kelgan kishi qadim o`zbek xonadonlaridagi muhitni his etadi. Majmuaning birinchi qavatida gilamdo`zlik, kashtachilik, misgarlik kabi xalq hunarmandchiligi xonalari joylashgan. Ularda sayyohlar milliy mahsulotlarimizning tayyorlanish jarayonini yaqindan ko`rishi, xarid qilishi mumkin.
Ikkinchi qavatda jami 30 o`rinli qadimiy uslubdagi karvonsaroy tashkil etilgan. Istiqbolda majmua bir yilda 10 mingdan ortiq sayyohlarga xizmat ko`rsatishi mo`ljallangan.
Davlatimiz rahbari milliy o`zligimizga va yoshlar tarbiyasiga e`tibori uchun hunarmandlarga minnatdorlik bildirdi.
- Hozirgi yuksak texnologiyalar asrida mana shunday oddiy, samimiy joylarni odam sog`inadi, - dedi Shavkat Mirziyoev. - Bu hunarlarni, bu madaniyatni bobo-momolarimiz faqat qo`li bilan emas, qalb qo`ri bilan yaratgan. Bir paytlar bu yo`nalishlar yo`qolib ketishiga oz qolgandi. Ularni asrab-avaylayotganingiz uchun rahmat. Bu madaniyatimizni nafaqat chet elliklarga targ`ib qilish, balki farzandlarimizga ham singdirish kerak.
Prezident ustalarning milliy hunarlarni maktablarda o`rgatish taklifini qo`llab-quvvatladi. Mutasaddilarga turizm salohiyatini oshirish, uni targ`ib etishda kinodan oqilona foydalanish bo`yicha tavsiyalar berildi.
O`tgan yili Marg`ilon shahriga "Jahon ipak va ikat hunarmandlari shahri" maqomi berilgan edi. Bunday maqomga Buxoro zardo`zlik, Qo`qon yog`och o`ymakorligi bo`yicha sazovor bo`lgan.