Turkiya janubi-sharqidagi zilzila zonasida 13740 nafar qutqaruvchi ishlamoqda. Bu haqda Turkiya hukumati huzuridagi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish boshqarmasi (AFAD) ma`lum qildi.
Ma`lum qilinishicha, ayni paytda Turkiya janubi-sharqida sodir bo`lgan dahshatli zilzila qurbonlari soni 2,9 ming kishidan oshdi. Qidiruv-qutqaruv ishlariga 360 ta qurilish texnikasi, 3361 ta boshqa texnikalar jalb qilingan.
Qizil yarim oy jamiyati xodimlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari Turkiyaning zilziladan jabr ko`rgan hududlari aholisiga issiq ovqat va boshqa zarur mahsulotlar tarqatmoqda. Tabiiy ofat hududiga 300 ming ko`rpa-to`shak, 41 ming 504 dona chodir, 101 ming 738 dona choyshab, 4 ming 602 dona oshxona anjomlari, 3 ming 761 dona isitgich, 557 dona konteyner va boshqalar etkazildi.
Eslatib o`tamiz, Turkiyaning janubi-sharqida (mahalliy vaqt bilan 04.17 da – 7,7 ball va 13.24 da – 7,6 ball) magnitudasi etti balldan ortiq bo`lgan zilzilalar sodir bo`ldi.
Turkiyaning Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish boshqarmasi (AFAD) rahbari Yunus Sezarning aytishicha, mamlakatning 15,8 mingdan ortiq aholisi jarohatlangan.
Prezident Rajab Toyyib Erdo`g`an Turkiyada tabiiy ofat qurbonlari munosabati bilan etti kunlik milliy motam e`lon qildi.





