Prezident Shavkat Mirziyoev huzurida joriy yilda inflyasiya darajasini pasaytirish choralari muhokamasi yuzasidan yig`ilish o`tkazildi.
Ma`lumki, inflyasiya faqatgina makroiqtisodiy ko`rsatkich emas, aholi daromadi va turmush tarziga ta`sir qiluvchi omil hisoblanadi. 2022 yil yakuni bilan yurtimizda inflyasiya 12,3 foizni tashkil etgan edi. Barcha iqtisodiy mexanizmlarni qo`llab, joriy yilda bu ko`rsatkichni 10 foizdan pastga tushirish maqsad qilinmoqda.
Buning uchun iste`mol tovarlari, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, ularni “daladan dasturxongacha” etkazib berishdagi xarajatlarni qisqartirib, arzon bo`lishini ta`minlash zarurligi ta`kidlandi. Qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirishni ko`paytirish uchun aholiga ajratilgan jami 200 ming gektar erdan unumli foydalanish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
Ushbu chora-tadbirlarni tizimli tashkil etish uchun hududlar salohiyatidan kelib chiqib, har bir tuman va shahar bo`yicha alohida “yo`l xaritalari” ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.
Aholi daromadlarini oshirishda ularning bo`sh pul mablag`larini moliya bozoriga jalb qilish muhim ahamiyatga ega. Bu borada yaratilayotgan qulayliklar o`z natijasini bermoqda. Jumladan, oxirgi uch yilda aholining bankdagi omonatlari 2 baravarga oshdi.
Lekin, bu yo`nalishda hali imkoniyatlar ko`p. Shu bois yig`ilishda aholi uchun jozibador moliyaviy xizmatlar turlarini ko`paytirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.






