Tashqi ishlar vazirligi xushxabarni e`lon qildi.
Unda aytilishicha, 1982 yil Toshkent viloyati Chirchiq shahrida tug`ilgan fuqaromiz Shotirbekova Asal Hatay viloyatida binolar orasidan qutqarib chiqarildi. Hozirda ilk yordam ko`rsatilmoqda.
Shuningdek, 1996 yilda tug`ilgan fuqaromiz Akramjon Xoshimov Malatya viloyatida vayronalar ostidan qutqarib chiqarilgan va hozirda shifoxonada davolanmoqda.
Avvalroq, Turkiyaning Kahramanmarash viloyatida bedarak yo`qolgan fuqaromiz Boybekov Rashid Anvar o`g`li topilibdi. Qutqaruvchilar tomonidan vayronalar ostidan olib chiqilgan vatandoshimiz hozirda “Şütçü İmam Üniversitesi Tıp Fakültesi” shifoxonasiga joylashtirilgan va ilk yordam ko`rsatilmoqda.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari Turkiya Respublikasiga etib borishlari bilan zilzila yuz bergan hududda qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlab yubordilar.
Bugun, 8 fevral kuni soat 8:00 ga qadar 132 m.kv. maydonda 430 metr.kub vayronalarni tozalash ishlari bajarilib, natijada 9 nafar inson turli xildagi tan-jarohatlari bilan qutqarildi va ularga joyida birinchi tibbiy yordam ko`rsatildi. Shuningdek, 12 nafar qurbonning jasadi vayronalar ostidan olib chiqildi.