AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda quyosh panellari o`rnatiladigan ob`ektlar 3 ta kategoriyaga ajratiladi

'Qashqadaryoda quyosh panellari o`rnatiladigan ob`ektlar 3 ta kategoriyaga ajratiladi'ning rasmi

Kecha, 9 fevral kuni Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov voha ahli va tadbirkorlarga murojaat yo`lladi.

Yig`ilishda quyosh panellari o`rnatish tashabbusini bildirgan, davlat tashkilotlari, sanoat korxonalari, avtomobillarga yoqilg`i qo`yish shoxobchalari, umumovqatlanish korxonalari supermarketlar, xususiy klinika va o`quv markazlari, dorixonalar va boshqa xizmat ko`rsatish sub`ektlarining rahbarlari ishtirok etdi.

Murotjon Azimon o`z murojaatida viloyatning eksport salohiyati, investision loyihalarning jalb qilinishi, yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish hajmining oshisha va albatta energiya tejamkor resurslarga o`tish masalalari haqida gapirdi.

Xususan, viloyatda  2023 yilda yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish hajmini 59 trln.so`mga etkazish va 5,6 foizga o`sishini ta`minlash maqsadida, 24 trln. so`m sanoat mahsulotlari, 31 trln.so`m qishloq xo`jalik mahsulotlari ishlab chiqarish va 20 trln.so`m xizmatlar ko`rsatishni amalga oshirish reja qilingan.

Bundan tashqari 325 mln. dollar hajmidagi mahsulotlarni  eksport qilish, 11 trln.so`m investisiyalar evaziga 840 ta investision loyihani ishga tushirish, 440 ming nafar aholining bandligini ta`minlash kutilmoqda.

"Joriy yil qishda bo`lib o`tgan anomol sovuqda ishlab chiqarish korxonalari hamda aholining energiya ta`minotidagi uzilishlar, bu sohani tubdan isloh qilish zarurligini yaqqol ko`rsatdi",–deydi Murotjon Azimov tadbirkorlarga murojaat qilarkan.

Viloyat hokimining ma`lum qilishicha, bahor, yoz va kuz oylarida bitta xonadonning bir sutkalik o`rtacha iste`moli 4,2 KVt.soatni tashkil etgan bo`lsa, sovuq kunlarda bu ko`rsatkich 1 yarim, 2 barobarga oshdi.  

Buning asosiy sababi sifatida aholini yashash sharoitlari kundan-kunga yaxshilanib borayotganligi, deyarli barcha xonadonlarda 2-3 tadan televizor, kondisioner, sovutgich, soch quritgich, elektromotor, ariston yoki esini tanigan barchani qo`lida telefon borligi keltirilgan. Buning hammasi elektr energiyasiga bo`lgan talabni keskin oshishiga olib keladi. 

Ma`lumot uchun, so`nggi besh yilda viloyatda xonadonlar  soni 160 mingga ko`paygan, korxonalar soni esa 29 mingdan 42 mingga etgan.

"Yig`ilishga tayyorgarlik jarayonida quyosh energiyasini ishlab chiqarish va undan foydalanish bo`yicha xalqaro tajribani ham o`rganib chiqdik",–deyiladi hokim murojaatida.

Statistik ma`lumotlarga ko`ra, jahonda quyosh energiyasi ishlab chiqarish 1990 yilga nisbatan 2022 yilda o`rtacha 22 foizga o`sgan. 2023 yilda butun jahonda ishlab chiqiladigan quyosh energiyasi miqdori 1 mln. megavattdan oshishi kutilmoqda.

Quyosh energiyasi ishlab chiqishda Xitoy (340 000 megavatt), AQSh (102 900 megavatt), Yaponiya (78 500 megavatt), Germaniya (62 000 megavatt) va Hindiston (57 000 megavatt) davlatlari etakchilik qilmoqda.

Quyoshli kunlar Germaniyada o`rtacha 136 kun, Yaponiyada 167 kunni tashkil qilsada, ishlab chiqarilgan elektr energiya iste`molining 10 foizi quyosh energiyasi hissasiga to`g`ri keladi.

O`zbekistonda esa quyoshli kunlar soni 300 kundan ko`p bo`lishiga qaramay, statistik ma`lumotlarga ko`ra 2022 yilda 101 megavatt yoki 0,001 foiz quyosh energiyasidan foydalanilgan xolos.

Geografik joylashuviga ko`ra aynan quyoshli Qashqadaryo viloyatida quyosh fotoelektr batareyalaridan foydalanib, katta quvvat elektr energiya olish imkoniyati mavjud ekan.

Viloyatda bu sohani rivojlantirish bo`yicha amaliy ishlar boshlangan.

Xususan, 2022 yilda 177 ta ob`ektda quyosh panellari hamda 371 ta ob`ektda quyosh suv isitish uskunalari o`rnatildi.

Ushbu tadbirlarga 20 mlrd.so`m mablag` yo`naltirildi va bir yilda 8,7 mln.KVt.soat yoki 3,9 mlrd.so`m elektr energiyasini iqtisod qilish imkoniyati yaratildi.

2022 yilda mahalliy byudjetning orttirilgan qismidan quyosh panellari va quyosh suv isitish uskunalarini o`rnatish maqsadida 7,8 mlrd so`m mablag` ajratildi.

Masalan, viloyat hokimligi binosiga 900 mln so`m mablag` evaziga 70 kvt bo`lgan quyosh panellari o`rnatildi. Buning natijasida o`tgan bir oyda 25200 kvt elektr energiya ishlab chiqilib, 11 mln 340 ming so`m iqtisod qilindi.

Ma`lumot uchun, viloyatda 740 mingga yaqin (692 mingta aholi va 48 mingta yuridik) elektr energiyasi iste`molchilari mavjud bo`lib, ularning yillik iste`moli texnik yo`qotishlar bilan birgalikda 6553 mln.KVt.soatni tashkil qiladi.

Jumladan, sohalar kesimida neftgaz korxonalarining iste`moli 621 mln.KVt.soat, suv xo`jaligi tizimidagi (KMK) nasoslar 2175 mln.KVt.soat, boshqa yuridik tashkilotlar 2317 mln.KVt.soat hamda aholi iste`moli 1440 mln.kVt. soatni tashkil etadi.

Hisob-kitoblarga ko`ra, 2023 yilda viloyat bo`yicha iste`molga nisbatan 311 mln.KVt.soat elektr energiyasi etishmovchiligi, ya`ni defisit kutilmoqda.

Murotjon Azimov tadbirkorlarga nima uchun murojaat yo`llaganini aytdi:

– Hurmatli tadbirkorlar, xabarlaringiz bor muhtaram Prezidentimizning vodiy viloyatlariga tashrifi davomida asosiy e`tiborni muqobil energiya manbalarini rivojlantirishga qaratdilar.

Sababi, barqaror energiya ta`minotidan oddiy aholidan tortib, tadbirkorlar, yirik sanoat korxonalari barcha-barchamiz manfaatdormiz.

Kelajakda bu sohani rivojlantirish orqali biz yangidan yangi loyihalar ustida ishlaymiz, barqaror taraqqiy etamiz!

Shuning uchun bugun Sizlarni yig`ib, murojaat qilishimizdan maqsad:

  • birinchidan, muhtaram Prezidentimizning siyosatlarini birgalikda qo`llab-quvvatlashimiz kerak;
  • ikkinchidan, kelgusida muqobil energiya manbalarini rivojlantirish va quyosh panellari o`rnatish bo`yicha sizlar aholiga o`rnak va targ`ibotchi bo`lishlaringiz lozim.

 

Viloyat hokimi joriy yilda 69,3 MVt kichik quvvatdagi quyosh panellarini o`rnatish orqali bir yilda qo`shimcha 77,4 mln.KVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarishni ta`minlash bo`yicha juda katta reja qabul qilinganini aytdi.

Viloyat hokimining birinchi o`rinbosari (A.Qodirov)ga bu bo`yicha alohida va aniq vazifalar belgilanadi.

Bunda quyosh panellari o`rnatiladigan ob`ektlarni 3 ta kategoriyaga bo`lib oldik va barcha sub`ektlar bo`yicha yillik iste`molidan kelib chiqib, nomma-nom rejasi belgilangan.

1 kategoriya. 495 ta ijtimoiy soha va boshqa byudjet idoralariga jami 7,4 MVt quvvatli hamda davlat ulushi 51 foizdan yuqori bo`lgan 495 ta korxonada 4,5 MVt quyosh panellari o`rnatiladi. Bunda 120 mlrd.so`m atrofida mablag` zarur bo`ladi, moliyaviy manbasi mahalliy byudjet va tashkilotlarning o`z mablag`lari hisobidan amalga oshiriladi.   

Ijtimoiy soha tashkilotlari tomonidan quyosh panellari o`rnatilishiga viloyat - Moliya boshqarmasi boshlig`i (F.Yusupov) mas`ul qilib biriktiriladi.

Sog`liqni saqlash (B.Teshaev), Xalq ta`limi (B.Baysunov), Maktabgacha ta`lim (S.Donaev) hamda boshqa byudjet tashkilotlari bu masalada Fayzulla Yusupovga yordamchi bo`ladi.

Davlat ulushi 51 foizdan yuqori bo`lgan barcha korxonalar va tashkilotlar tomonidan quyosh panellarini o`rnatilishini – Davlat aktivlarini boshqarish agentiligi viloyat boshqarmasi (Sh.Bo`riev) muvofiqlashtiradi.

2 kategoriya. Bugun studiyalarda ishtirok etayotgan 3 mingdan ziyod tadbirkorlik sub`ektlari bilan birgalikda  jami 57 MVt quvvatli quyosh panellari o`rnatilishi ta`minlanadi. 

Tadbirkorlik yo`nalishida Savdo sanoat palatasi rahbari (N.Ochilov) umumiy muvofiqlashtiruvchi bo`ladi. Bundan tashqari:

  • 111 ta metan va 268 ta propan va benzin zapravkalarga – “O`zneftgazinspeksiya”ning hududiy bo`limi (A.Toshtemirov) hamda “Hududgazta`minot” viloyat filiali (G`.Murodov);
  • 321 ta umumiy ovqatlanish korxonasi, 90 ta supermarket va 26 ta mehmonxonaga - viloyat Davlat soliq boshqarmasi (Sh.Nisbatxonov);
  • 519 ta sanoat korxonasiga – viloyat Investisiya, sanoat va savdo boshqarmasi (F.Aliboev);
  • 31 ta bozor 525 ta boshqa xizmat ko`rsatish ob`ektlariga – viloyat Iqtisoiy taraqqiyot boshqarmasi (A.Berdiev);
  • 600 ta dorixonaga – “O`zfarmsanoat” agentligining hududiy bo`limi (S.Xolmatov);
  • 205 ta xususiy klinikaga - viloyat Sog`liqni saqlash boshqarmasining birinchi o`rinbosari (Sh.G`afforov);
  • 63 ta maktabgacha ta`lim muasassasiga – Maktabgacha ta`lim boshqarmasi (S.Donaev) mas`ul qilib biriktiriladi.

3 kategoriya. Viloyatdagi jami 3450 ta aholi xonadonlariga 10,2 MVt quvvatli quyosh panellari o`rnatiladi.

Bunda 64 nafar sektor rahbarlari, 1232 nafar viloyat va tuman tashkilotlari rahbarlari, 547 nafar yirik  tadbirkorlar o`z mablag`i (yoki bank krediti) hisobidan hamda “Temir daftar”da turgan 1607 nafar oilalarga mahalliy byudjet hisobidan o`rnatib beriladi.

Viloyati rahbari muqobil energiya manbalarini o`rnatganlarga davlat tomonidan ajratilgan imtiyozlar haqida ham gapirdi.

Masalan, jismoniy shaxslar respublikada ishlab chiqarilgan quyosh panellari va suv isitish qurilmalarini sotib oladigan bo`lsa, 3 yil davomida foizsiz bo`lib-bo`lib pulini to`lasa bo`ladi.

Agar pulini birdan to`lab sotib olsa, ularga panelni quvvatidan kelib chiqib, 2,1 mln.so`mdan 15 mln.so`mgacha kompensasiya beriladi. Xususan 5 KVt va undan yuqori o`rnatsa 15 mln.so`m kompensasiya beriladi.

Quyosh panellarini o`rnatgan xonadonlar 3 yillik mol- mulk va er solig`idan ozod qilinadi

Jismoniy shaxslar uchun O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasida (15%) Ipoteka bank, Qishloq qurilish bank, Mikrokredit bank, Sanoatqurilish bank va  Xalq banklari tomonidan 5 yilgacha muddatlarda imtiyozli kreditlar beradi.

Yuridik korxonalar fotoelektr stansiya qurib, ishlab chiqargan energiyasini ijtimoiy soha tashkilotlariga 1 KVt energiyani 800 so`mdan, boshqa yuridik iste`molchilariga 450 so`mdan sotadi.

Aholi xonadonlariga qo`yilgan quyosh panellarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini 1 KVt.soati 1000 so`mdan davlatga sotadi.

2023 yilda mahalliy tadbirkorlar tomonidan 21,7 MVt quvvatga ega bo`lgan foto elektr stansiyalari (FES) qurish orqali 29,1 mln. KVt. soat qo`shimcha elektr energiyasi ishlab chiqarish ta`minlanadi.

Masalan, “Poverprof-group” MChJ (Toshkent viloyatidan ro`yxatdan o`tgan) tomonidan Qarshi tumanining “Batosh” MFY hududida quvvati 2 MVt bo`lgan foto elektr stansiyasi barpo etiladi.

Shuningdek, Muborak tumanidagi “EMJ inter investment” korxonasi (1 MVt) va “QEHENG Muborak” MChJ (2 MVt) tomonidan quvvati 3 MVt bo`lgan foto elektr stansiyalarini qurish tashabbusi bildirildi.

Joriy yilda viloyat bo`yicha 3,5 MVt quvvatli  gidro elektr stansiyalari barpo etiladi hamda 6 MVt kogenerasiya quvvatlarini yaratish evaziga 18,0 mln.KVt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Jumladan, Kitob tumanida “Nature Green Energy” MChJ tomonidan 450 ming dollar investisiya hisobiga 300 KVt hamda Ko`kdala tumanida “Asl barkamol quvvat” XK tomonidan 280 mingdollar evaziga quvvati 185 KVt gidro elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar