AsosiyJinoyat

Toshkentda ayol tegajog`lik qilgan hamkasbini pichoqlab o`ldirdi

'Toshkentda ayol tegajog`lik qilgan hamkasbini pichoqlab o`ldirdi'ning rasmi

Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi ovqatlanish shoxobchalarining birida tegajog`lik qilgan hamkasbini o`ldirgan ayolga hukm o`qildi

Ma`lum bo`lishicha, holat 2022 yilning 4 sentyabr kuni soat taxminan 00:30 da sodir bo`lgan. 1995 yilda tug`ilgan sudlanuvchi ayol avvaldan tanish bo`lgan 1994 yilda tug`ilgan erkak bilan janjallashib qolgan. Oqibatda ayol jabrlanuvchiga pichoq bilan jarohat etkazgan, yigit shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etgan. Jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tuman sudida holat yuzasidan sud ishi ko`rib chiqildi. Sudda u o`z qilmishiga quyidagicha izoh berdi: 

“Turmushga chiqib, ajrashganman, farzandim yo`q. U bilan birga ishlardik. Ko`p bor ichib kelib tegajog`lik qilib yurgan. Men oshxonani tozalayman, deb ertaroq kelgandim. U ham uyidan mast holda kelgan ekan. Kechasi soat 23:00 larda eshikni taqqillatib, tashqariga chaqirdi. Eshikni ochmasligimni aytdim. Ketdi deb o`ylab tashqariga chiqdim. U birdan xonasidan chiqib qoldi, o`sha erda o`pib tegajog`lik qila boshladi. Men ichkariga kirib ketdim. Ovqat suzadigan xonamizda pichoqlar turgandi. O`zimni himoya qilish maqsadida bittasini olgandim, uni o`ldirish maqsadim bo`lmagan. Kuch bilan quchoqlab o`ziga tortganida pichoq kirib ketdi. Pushaymonman, o`zimni himoya qilish uchun qildim”.

Sud hukmi bilan ayol Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi d bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va unga 6 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo`llanildi

    Boshqa yangiliklar