Farg`ona viloyatida tabiiy gaz va elektr energiyasi tarmoqlariga noqonuniy ulanish holati bo`yicha 9 ta jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Xabarga ko`ra, viloyatda yoqilg`i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini bartaraf etish va oldini olish maqsadida nazorat tadbirlari o`tkazilmoqda. Ma`lumotlarga qaraganda, shahar va tumanlarda 95 ta ishchi guruh tashkil etilib, uning tarkibiga “Hududgaz Farg`ona” gaz ta`minoti filiali, “Farg`ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatidan mas`ul shaxslar ham biriktirildi.
Ishchi guruhlar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasi tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari aniqlanib, tegishli choralar ko`rilmoqda. Xususan, bir kunda 106 ta ob`ektlarda tekshirishlar o`tkazilib, 23 tasida noqonuniy holatlar aniqlandi. Ular tomonidan 746 million 518 ming 943 so`m moddiy zarar etkazilgan.
Shuningdek, tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanish holati yuzasidan 3 ta jinoyat ishi qo`zg`atildi. Jumladan, fuqarolar H.A., H.B. hamda M.X.lar Qo`qon shahri “Quduqlik” mahalla fuqarolar yig`ini hududidagi noturar joyda ohak ishlab chiqaruvchi sex tashkil etib, noqonuniy tabiiy gazdan foydalanib kelishi sababli 672,7 million so`m zarar etkazishgan. Mazkur shaxslarga nisbatan Departamentning Qo`qon shahar bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Bundan tashqari, Rishton tumani elektr ta`minoti korxonasi tomonidan 2021-2022 yillar davomida iste`molchilarga etkazib berilgan elektr energiyasidan umumiy qiymati 14,6 milliard so`mlik noreal qarzdorlik yuzaga kelganligi hamda debitorlik qarzdorligi keskin oshganligi sababli korxonaning mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi. Shuningdek, “Hududgaz Farg`ona” gaz ta`minoti filiali Marg`ilon shahar bo`limi tomonidan 2022 yil davomida 164 ta ulgurji iste`molchilarning tabiiy gaz iste`molidan 1,6 milliard so`m qarzdorligi bo`la turib, ularni tarmoqdan uzish yoki qarzdorliklarini undirish choralari ko`rilmagan. Buning oqibati 11,7 milliard so`mlik tabiiy gaz etkazib berishga yo`l qo`yilib, debitorlik qarzdorligi 13,3 milliard so`mga oshgan. Hozirda Marg`ilon shahar bo`limi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.
Tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanish bo`yicha 28 ta ma`muriy ishlar qo`zg`atilgan bo`lib, tegishli choralar ko`rilmoqda. Reyd tadbirlari davomida hozirga qadar viloyatda 707 ta ob`ektlar tekshirilib, shulardan 220 tasida noqonuniy holatlar aniqlangan. Ular tomonidan 3 milliard 586 million moddiy zarar etkazilgan. Shuningdek, 9 ta jinoyat ishi hamda 84 ta ma`muriy ishlar qo`zg`atildi.