Er usti metro yo`nalishi estakadasi ostidagi hududlarda jami 2700 o`rinli avtoturargohlar tashkil etiladi. Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda "Toshkent metropoliteni" DUK harakat xizmati rahbari Sulton Qodirov ma`lum qildi.
Prezident qarori asosida metropoliten bekatlarida savdo shoxobchalari faoliyati tiklanadi. Hozirda "Novza" metro bekatining piyodalar o`tish yo`lagida tajriba-sinov tariqasida savdo shoxobchalarini qurish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Toshkent shahar Yashnobod tumanidan o`tuvchi er usti metro yo`nalishi estakadasi ostidagi (umumiy er maydoni 2,9 gektar) hududda 1200 o`rinli beshta avtoturargoh hamda Sergeli tumanidan o`tuvchi er usti metro yo`nalishi (umumiy er maydoni 3,37 gektar) hududida 1500 o`rinli ettita avtoturargoh tashkil etish rejalashtirilgan.