Avvalroq, Prezident raisligida raqamlashtirish bo`yicha 2023 yilgi vazifalar va rejalarga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi boshlangani haqida xabar bergan edik.
Yig`ilishda raqamli texnologiyalardan foydalanish ko`lamini yanada oshirish zarurligi ta`kidlandi. Masalan, vazirliklarning 5 mingta funksiyasidan faqat 30 foizi raqamlashgan.
Elektr energiyasi iste`molini nazorat qilish va hisobga olish avtomatlashtirilgan tizimining (EHNAT) 160 dan ortiq funksiyasi bo`lsada, hozirda faqat 1-2 tasidan foydalanilayapti, xolos. Jumladan, tuman elektr tarmoqlari korxonalari qaerda avariya bo`lganini faqat aholi murojaati orqali biladi.
Shu kabi masalalar tartibga solinmagani tanqid qilinib, mutasaddilarga EHNAT imkoniyatlarini to`liq inventarizasiya qilib, ularni hududlarning elektr balansini shakllantirish, noqonuniy ulanishlar va avariyalarni nazorat qilish, iste`molni rejalashtirish kabi yo`nalishlarda ishlatish topshirildi.






