AsosiyJamiyat

DXX qator hududlarda giyohvandlik vositalari sotuvchilarini qo`lga oldi (video)

'DXX qator hududlarda giyohvandlik vositalari sotuvchilarini qo`lga oldi (video)'ning rasmi

DXX tomonidan giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi tadbirlar o`tkazildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Jumladan, Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona va ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda “Surxondaryo – Toshkent” yo`nalishida harakatlanayotgan Denov shahrida yashovchi, 1980 y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina “Sirdaryo” YPX maskanida to`xtatilib tekshirildi.

Natijada avtomashina salonida 999 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Mazkur shaxs muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog`liq jinoyati uchun jazo muddatini o`tagan bo`lsada, xatolaridan to`g`ri xulosa chiqarmagan.

Boshqa bir holatda esa 1968 y.t. Qirg`iz Respublikasi fuqarosi 395 gr. “gashish” moddasini kontrabanda yo`li bilan O`zbekistonga olib kelib, Oltinko`l tumanida yashovchi, 1986 y.t. ayol bilan birgalikda uni sotishni rejalashtirishadi.

DXX Andijon viloyati bo`yicha boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbirda ular 186 gr. “gashish” moddasini Andijon shahrida yashovchi, 1963 y.t., muqaddam sudlangan shaxsga 1600 AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 600 AQSh dollari olgan vaqtlarida ushlandi. Shuningdek, ayolning uyidan narkotik moddaning qolgan 209 gr. qismi ham tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

DXX Toshkent shahar bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda poytaxt hududida kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug`ullanuvchi 3 nafar shaxs ushlanib, ulardan 19340 dona “Zardeks” dori vositasi prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Aniqlanishicha, ushbu kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari Qirg`iz Respublikasidan olib kelingan.

Bundan tashqari, Qibray tumanida yashovchi, 1991 y.t., muqaddam sudlangan shaxs boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina poytaxtning Mirzo Ulug`bek tumani hududida harakatlanayotgan vaqtida DXX Toshkent viloyati bo`yicha boshqarmasi, shahar IIBB Yo`l-patrul xizmati hamda Milliy Gvardiya xodimlari tomonidan to`xtatilib, ko`zdan kechirildi. 

Natijada avtomashina salonida Qirg`iz Respublikasidan keltirilgan 1666 dona “Regapen” va 134 dona “Tropikamid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, o`rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Boshqa yangiliklar