O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi taklifiga muvofiq Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi Ehtiyojlarni baholash missiyasini (EBM) O`zbekistonga yuborishga qaror qildi. Missiyaning mamlakatimizga tashrifi mobaynidagi vazifalari xususida O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati rahbari Nizomiddin NURMATOV so`zlab berdi.
- Xalqaro kuzatuv institutining o`rni nimadan iborat va kuzatuvni amalga oshirish qanday mexanizmlari mavjud?
- Saylovlarning xalqaro kuzatuvi instituti ochiqlik va oshkoralikni ta`minlashga, saylov jarayoni nufuzi ortishiga, shuningdek, demokratik saylov o`tkazish masalalari bo`yicha tajriba va axborot almashishga xizmat qiladi.
EXHT makonida saylovlarning xalqaro kuzatuvi instituti EXHK Konferensiyasi yakunlari bo`yicha 1990 yil iyunda qabul qilingan Kopengagen hujjatida nazarda tutilgan. 1990 yil noyabrda Parijda bo`lib o`tgan EXHK Konferensiyasida ishtirok etuvchi davlatlar “Yangi Evropa uchun Parij xartiyasi” yakuniy hujjati qabul qilinib, shtab-kvartirasi Varshava shahrida joylashadigan “Ishtirok etuvchi davlatlardagi saylovlarda aloqalar va axborot almashuviga sharoit yaratish uchun erkin saylovlar byurosi”ni tashkil etish majburiyatini o`z zimmalariga oldilar. 1992 yilda bu tashkilot “Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byuro” deb nomlana boshladi va uning vazifalari inson huquqlariga aloqador boshqa sohalarga ham kengaytirildi.
O`tgan davr mobaynida EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi EXHTga 57ta a`zo davlatlarning barchasida 300dan ziyod saylovning kuzatuvini amalga oshirdi. Ularning 170 dan ortig`i parlament, 77 tasi - prezident saylovlari, shuningdek, 60 ga yaqin referendum va mahalliy hokimiyat organlari saylovlaridir. Ko`rsatib o`tilgan missiyalar tarkibida EXHTga barcha a`zo davlatlar, shu jumladan O`zbekistondan 50 mingdan ziyod ekspertlar ishtirok etdi.
2013-2016 yillarda EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi Rossiya, Finlyandiya, Germaniya, AQSh, Chexiya, Slovakiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Ozarbayjon, Qozog`iston kabi mamlakatlardagi parlament va prezident saylovlarida ham kuzatuvlarini amalga oshirdi.
O`zbekiston saylov qonunchiligi xorijiy mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlar vakillarining O`zbekiston Respublikasi saylovlarida kuzatuvchilar sifatida ishtirok etishi imkoniyatini nazarda tutadi. Xususan, ularga saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bilan bog`liq barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida hamda ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish huquqi berilgan. Ya`ni kuzatuv saylov jarayonining barcha bosqichlarini qamrab oladi. Ushbu holat xalqaro amaliyotda kam uchraydigan majburiyat hisoblanadi.
O`zbekiston saylovlarini kuzatish uchun nafaqat EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosini, balki ShHT Kotibiyati, MDH Ijroiya qo`mitasi, Islom hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assosiasiyasi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlarni, shuningdek, Evropa, MDH, Amerika, Afrika hamda Osiyo va Tinch okeani mintaqsi mamlakatlaridan ko`plab ekspertlarni ham taklif qiladi.
– EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi O`zbekistonga Ehtiyojlarni baholash missiyasini (EBM) yubormoqda. Uning mamlakatimizdagi faoliyati asosiy maqsadi nimadan iborat?
– EXHT DIIHBning 2010 yilda chop etilgan Saylovlarni kuzatish bo`yicha qo`llanma qoidalariga muvofiq EXHTga a`zo davlatga Ehtiyojlarni baholash missiyasi saylov arafasida saylovoldi vaziyatni va saylovga tayyorgarlik borishini baholash, saylov komissiyalari ishi tashkil qilinishi, saylov o`tkazishga aloqador davlat organlari, siyosiy partiyalar, OAVning saylovoldi jarayonidagi faoliyati bilan tanishish uchun yuboriladi. Missiya saylov bo`yicha milliy qonunchilik umume`tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiqligini tahlil etadi.
Ushbu missiyaning xulosalari asosida EXHT DIIHB saylovni kuzatish, uning shakli, davomiyligi va kuzatuvchilarning zarur soni to`g`risida qaror qabul qiladi.
Missiya tarkibiga odatda EXHT DIIHBning saylovlar bo`yicha departamenti xodimlari kiritiladi. Amaliyotlar ko`rsatganidek, ehtiyojlarni baholash 2-3 kun davomida amalga oshiriladi. Keyin ikki haftada xulosa tayyorlanadi. Bu gal EXHT DIIHB Ehtiyojlarni baholash missiyasini joriy yilning 11-14 oktyabr kunlari yuborishga qaror qildi. Missiya EXHT DIIHBning saylovlar bo`yicha departamenti boshlig`i Aleksandr Shlk (Belarus) va mazkur departamentning saylovlar bo`yicha maslahatchisi Ulvi Axundlu (Ozarbayjon) dan iborat.
– Missiyaning O`zbekistonga tashrifi doirasida qanday uchrashuvlar rejalashtirilgan?
– Missiya o`z tashrifi chog`ida Tashqi ishlar vazirligi, Markaziy saylov komissiyasi, Oliy sud, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Adliya vazirligi, Inson huquqlari bo`yicha milliy markaz, Milliy teleradiokompaniya, O`zbekiston matbuot va axborot agentligida, siyosiy partiyalarning vakillari, Oliy Majlis Inson huquqlari bo`yicha vakili, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan uchrashuvlar rejalashtirgan.
Mazkur uchrashuvlar yakunlari bo`yicha missiya xulosasini tayyorlaydi. Unda saylovning samarali, ishonchli va professional kuzatuvini amalga oshirish uchun minimal shart-sharoitlar, siyosiy plyuralizm, shaffoflik hamda jamiyatning saylov jarayoniga ishonchi mavjudligi, shuningdek, EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosining avvalgi saylovlar bo`yicha tavsiyalari bajarilganligi singari mezonlar inobatga olinadi.
Eslatib o`tamiz, EBM O`zbekistonda 2004, 2009 va 2014 yillarda tashkil etilgan. 2015 yilda parlament va prezident saylovlari o`rtasida ko`p vaqt o`tmaganini inobatga olib, EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi EBMni yubormagan. O`tgan yillarda missiya xulosalariga muvofiq O`zbekistondagi saylovlarni kuzatish uchun EXHTning 15-18 ta a`zo mamlakatidan 25 nafardan ko`p bo`lmagan miqdorda Saylovni kuzatish bo`yicha cheklangan missiya yuborilgan edi.
– O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish jarayonida xalqaro kuzatuvchilarning ishtirokidan nimalar kutilmoqda?
– Xalqaro kuzatuvchilar ishtiroki, shuningdek, ularning saylov kuzatuvi natijalari bo`yicha bergan taklif va tavsiyalari saylov qonunchiligi va amaliyotni sohaga doir umume`tirof etilgan me`yor va standartlarga muvofiq yanada takomillashtirish imkonini beradi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazish bo`yicha samarali qonunchilik bazasi yaratildi. Davlat rahbari saylovi jarayonini tartibga soluvchi qonunlar qabul qilindi. Bular birinchi navbatda “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to`g`risida”gi qonunlar va boshqa qator qonun hujjatlaridir.
Shu bilan birga vaqt talabi va demokratik islohotlarni chuqurlashtirishdan kelib chiqqan holda 2015 yil 29 dekabrda “O`zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun qabul qilindi. Unga muvofiq 1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi qonunga o`zgartishlar kiritildi.
Yangi normalarga binoan Markaziy saylov komissiyasi boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilarga mandatlar beradi. Bundan tashqari, saylov uchastkalari qamoqda saqlash joylarida ham tashkil etilishi mumkin.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi qonunchiligini takomillashtirishga qaratilgan o`zgartishlarning muhim o`ziga xosligi quyidagilarda ko`rinadi. Davlat rahbari lavozimiga nomzodni ko`rsatish uchun zarur imzolar miqdori saylovchilar umumiy sonining 5 foizidan bir foizga kamaytirildi. Bu Evropa Ittifoqining saylov masalalari bo`yicha Venesiya komissiyasining tegishli amaliyot kodeksi tavsiyalariga mos keladi. Shuningdek, saylovoldi tashviqoti tushunchasi, uni o`tkazish turlari, shakllari va usullari mustahkamlab qo`yilganligi, saylovoldi tashviqotiga nafaqat saylov kuni, balki ovoz berish boshlangunga qadar bir kun oldin ham yo`l qo`yilmasli, muddatdan oldin ovoz berish tartibi belgilandi. Muddatidan oldin ovoz berish saylovga 10 kun qolganida boshlanadi va saylovga bir kun qolganida tugallanadi.
Xulosa o`rnida ta`kidlash joizki, EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosining O`zbekiston Respublikasi saylovini kuzatish uchun taklif etilishi mamlakatimiz erkin, haqqoniy va adolatli saylovlarga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish sohasidagi xalqaro majburiyatlarga sodiqligini, shuningdek O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini milliy qonunchilik va umume`tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga to`la muvofiq holda o`tkazishga qat`iy qaror qilganining yorqin dalilidir.
Mexribon Mametova suhbatlashdi