AsosiyJamiyat

Xitoy O`zbekistonni sayohat tavsiya etilgan mamlakatlar ro`yxatiga qo`shdi

'Xitoy O`zbekistonni sayohat tavsiya etilgan mamlakatlar ro`yxatiga qo`shdi'ning rasmi

Xitoy hukumati tomonidan chet davlatlarga, xususan, O`zbekistonga guruhli sayohatlar qayta tiklandi. Bu haqda Madaniyat va turizm vazioligi xabar berdi

2023 yil 15 martdan Xitoy sayyohlik agentliklari va onlayn sayohat xizmati provayderlari test rejimida guruhli turlar sayohatlarini tashkil qilishni davom ettirmoqda.

Ta`kidlash kerakki, Xitoy fuqarolari guruh bo`lib jami 40 ta, xususan, O`zbekiston, Nepal, Bruney, Vetnam, Mo`g`uliston, Eron, Iordaniya, Tanzaniya, Namibiya, Mavrikiy, Zimbabve, Uganda, Zambiya, Senegal, Qozog`iston, Gruziya, Ozarbayjon, Armaniston, Serbiya, Xorvatiya, Fransiya, Gresiya, Ispaniya, Islandiya, Albaniya, Italiya, Daniya, Portugaliya, Sloveniya, Vanuatu, Tonga, Samoa, Braziliya, Chili, Urugvay, Panama, Dominika, Salvador, Dominika, Bagama orollari kabi davlatlarga sayohat qilishlari mumkin.

Ma`lumot uchun, O`zbekistonda xitoylik sayyohlar uchun ularga yanada qulaylik yaratish maqsadida viza rejimi bekor qilingan. Bundan tashqari, Sian – Toshkent – Sian yo`nalishi bo`yicha to`g`ridan to`g`ri reys yo`lga qo`yilgan. Bu va boshqa chora-tadbirlarning natijasi o`laroq xitoylik sayyohlarning yurtimizga tashrifi ortib bormoqda. 

Xususan, 2018 yilda 32,5 ming nafar xitoylik sayyoh O`zbekistonga kelgan bo`lsa, bu ko`rsatkich 2019-yilda 1,7 barobarga ortib, 54,3 ming nafarni tashkil qildi. 2021-yilda COVID-19 pandemiyasi tufayli xitoylik turistlar oqimi 3,6 ming nafargacha kamaydi. Ammo 2022-yilda yana bu raqamlar oshdi — Xitoydan O`zbekistonga 5,4 ming nafar turist tashrif buyurdi.

Shuni ham ta`kidlash kerakki, xitoyliklarning yurtimizga sayohati iqtisodiyotga ham ijobiy ta`sir ko`rsatmoqda. Jumladan, Madaniyat va turizm vazirligi hamda Statistika agentligining tadqiqotiga muvofiq, O`zbekistonda bo`lish davomida 1 nafar xitoylik sayyoh turizm xizmatlari uchun o`rtacha 1,1 ming AQSh dollari sarflaydi. O`z navbatida 2023-yilda yurtimizga 100 ming nafar xitoylik turistlarni jalb qilish maqsad qilingan.

    Boshqa yangiliklar