1

Kundosh kundoshga paxta otadimi? Ayollar nega iztirobda?

Mutolaa 03.10.2016, 12:02
Teglar: Ayol, Ona, Ota, Ota-ona, Oila, Ona va bola
Kundosh kundoshga paxta otadimi? Ayollar nega iztirobda?

Bu dunyo sinovlari turfa. U odamzotni turli yo`llar bilan sinab, so`ng shunga yarasha ajrini ham beradi. Bugungi qahramonlarimizning dardi, sinovi juda zalvorli. Ulardan sabr-bardosh bilan birga mehr-oqibat ham talab qiladi. Chunki ular kundoshiga sabr, turmush o`rtog`iga mehr berib yashashga majbur.

 «QIZIM KUNDOShIMDEK…»

Matluba, 42 yosh, Jizzax viloyati:

— Mening dardim kimlargadir kulgili tuyular. Ammo dardning katta-kichigi bo`lmas ekan. Zig`irchasi ham azob beradi, yuragingizni ezadi. Aslida men qiyinchilik ko`rish uchun kelgandekman dunyoga. Chunki men erimning ikkinchi turmushiman. Turmush qurgan yilimiz xotini qizini tashlab ketgandi. Erim ikkalasi bir-biri bilan umuman kelisha olmagani uchun ajrashishgan ekan. U qizchasini tashlab ketganidayoq, hayratga tushganman. Ona ham bolasidan shunchalar oson voz kechadimi, deb. Hozir o`sha qizaloq o`n besh yoshda. Bo`yi cho`zilib, kap-katta qiz bo`lib qolgan. Uni o`zim oq yuvib, oq taradim. Onasi tashlab ketganida kichkina bo`lsa-da, rosa qiynalgandi. Ichikib qolgandi. Uning shu azoblarini ko`rganim uchun ham o`z onasidek bo`lishga, mehr berishga harakat qildim. Bora-bora u ham menga o`rgandi. Men onasidek yaxshi ko`radi deb yurardim. Afsus…

Erim hozir xorijda. Otasi yo`qligi uchunmi, u o`zini juda erkin his qilib qolgan. Ikkalamiz umuman kelisha olmayapmiz. Go`yoki ota-onasining ajrashib ketganiga men aybdordekman. Mening bolalarimga, ya`ni uka va singillariga ham dushmandek qaraydi. Bolalarim undan kichkina bo`lgani uchun hech narsani bilmaydi. Uni o`z opasi deb bilishadi. Yaxshi ko`rib osiladi, quchadi. U esa jerkib beradi.

Bir-ikki marta nasihat qilgandim, boshim baloga qoldi. Shunaqa gaplar gapirdiki, uni taniiy olmadim. Shu yoshida undan bunaqa gap chiqishiga ishonmayman. U oyisi bilan uchrashib turadi. Menimcha, qizini u buzyapti. Onasi bilan ko`rishib kelganda ko`proq ters bo`ladi. Mening mehribonligimni ko`rib, vaqt o`tib, yana yumshaydi. Xuddi bir uyda kundoshim bilan yashayotgandekman. Uning qiliqlari yomon kundoshnikiga o`xshaydi.

— Qizim, seni o`zim katta qilganman. O`z qizimdek yaxshi ko`raman. Nega o`zgarib qolding? — dedim murosa qilish uchun.

— O`zingizni mehribon ona qilib ko`rsatmang. Dadam quvib yubormasin, deb menga yaxshi qaragansiz. Onam bilan dadamning yarashib olishidan qo`rqqaningiz uchun ham menga mehr bergansiz. Agar bundan qo`rqmaganingizda menga o`gaylik qilgan bo`lardingiz?

— O`zing esla-chi? Men shu uyga kelganimdan keyin onang dadang bilan yarashishga harakat qildimi? Biror marta keldimiki, men qo`rqsam? Sening qiynalganingni, ichikkaningni ko`rganim uchun ham bag`rimga olganman.

Shunaqa gaplarimdan keyin o`yga tolib, o`ziga kelgandek bo`ladi. Lekin keyin yana…

Bu haqda turmush o`rtog`imga ayta olmayapman. Chunki u ham men yo`qligimda o`gaylik kilyapsanmi, deyishi mumkin. Qanday yo`l tutishga hayronman.

Maslahat: — Singiljonim, juda katta savob ish qilibsiz. Maslahatim, o`n besh yoshli qiz o`z onasi bilan topishibdi, demak, uni endi o`z onasiga berish kerak. Chunki hali bu juda kichik muammo. Qiz bolaning taqdiri esa nozik masala. Ertaga u kimnidir sevishi, turmushga chiqishi bor. Muammoning kattasi ana o`shanda boshlanadi. Agar Xudo ko`rsatmasin, keyingi taqdirida biror noxushlik bo`lsa, sevganiga tegmasa yoki baxtsiz bo`lsa ham kaltak sizning boshingizda sinadi. Shuning uchun uni voyaga etkazganingizga, tarbiya berganingizga achinmang. «Yaxshilik qil, suvga tashla, bilsa baliq biladi, bilmasa Xoliq», deyishadi. Sizning yaxshiligingiz ham boshqalardan qaytadi. Eng to`g`ri yo`l, eringiz bilan maslahatlashib, qizni o`z onasiga bering.

«MEN-KU, KO`NIKIB BO`LDIM…»

Sevara, 40 yosh, Toshkent viloyati:

— Erim yaxshi joyda ishlaydi. Topish-tutishi yaxshi. Azaldan ma`lumki, toparman-tutarman erkaklarning xushtori ham ko`p bo`ladi. Erkak qaramayman, degan taqdirda ham ayollarning o`zi yo`ldan uradi. Kundoshli bo`lishimda erimningmi yo o`sha ayolning hissasi kattami, anig`ini bilmayman. Qars ikki qo`ldan chiqadi degan gap ham bor. Xullas, sakkiz yildan buyon turmush o`rtog`im boshqa ayol bilan yuradi. Uni nikohlab oldi. Ochig`i, buni bilganim zahoti janjal qildim. Bu bilan erkakni uydan sovutganingiz qolarkan. O`sha ayolga yanada yaqinroq bo`lishiga zamin yaratarkansiz, xolos. Eringiz sizni tushunishdan, farzandlarini o`ylashdan ko`ra, xushtori bilan bo`lishni afzal ko`rarkan. Buni anglaganim uchun o`sha ayol bilan gaplashib ko`rishni rejalashtirdim. Bir emas, bir necha bor gaplashdim ham.

— Bizni tinch qo`ying. Baxtimni ko`ra olmayapsizmi? Eringiz sizni yaxshi ko`rmasa, ayb menda emas, — dedi u bez bo`lib.

Ko`rib turganingizdek, hech foydasi bo`lmadi. U erimga yanada qattiqroq osilib, vaziyat besh battar yomonlashdi. Mana, o`sha-o`sha erim u bilan yashaydi.

Oliy ma`lumotli bo`lsam-da, ishlamayman. Bunga turmush o`rtog`im ruxsat bermagan. Chunki moddiy tomondan o`zi ta`minlaydi. Hech narsadan kamimiz yo`q. Ming shukurki, bolalarim ham katta bo`lib qoldi. Ular bilan otasining munosabati juda yaxshi. Tez-tez ulardan xabar olib turadi. Men bilan esa umuman gaplashmaydi. Nazarimda, bolalarimning ruhiyatiga bu ta`sir qiladigandek. Chunki ular ham boshqa o`rtoqlarini, ularning ota-onasining munosabatini ko`rib-bilib yuradi. Tabiiyki, solishtiradi. Ertaga bu ularga yomon ta`sir qilmasmikan, deb qo`rqaman. Men-ku, ko`nikib bo`ldim. Ammo bolalarim nima bo`ladi?

Maslahat: — Singilginam, agar yuragingizda eringizga nisbatan ozgina mehr bo`lsa, ikki jins o`rtasidagi muhabbat emas, bolalaringizning otasi sifatida mehr saqlangan bo`lsa, sabr qiling. Eringizning boshqa ayol bilan yashayotgani u qadar katta fojia emas. Hayotda farzandlarining kelajagi uchun begona erkaklardan (kundoshingiz kabi) saxovat kutib yashayotgan ayollar qancha? Sizning esa o`z eringiz, bolalaringizning otasi bor, hayot. Agar bunga bardoshingiz etmay ajrashsangiz, farzandlaringizga bu hozirgidan ham yomon ta`sir qiladi. Eringizdan xavotir olmang. Ot aylanib qozig`ini topadi…

HAR KUNGI AZOB

Nasiba, 46 yosh, Samarqand viloyati:

— Men kundoshlik balosini hech kimga tilamayman. «Er bermoq — jon bermoq» deganlari rost. Bu jon berishdan ham og`irroq degan bo`lardim. Chunki joningiz bir bor olinadi. Bu savdo esa har kuni sizni azoblaydi. Gap-so`zdan, odamlarning nigohidan bir qiynalsangiz, bolalaringizni o`ylab yana iztirob chekasiz. Xullas, tugamas azob desa ham bo`ladi.

To`rtta farzandim bor. Ikkitasi talaba, ikkitasi o`quvchi. Erim 4-5 yildan beri bir ayolga ilakishib qolgan. Ayolning millati o`zbek emas. Men buni bilganimdan keyin o`zimni bosolmay janjal qildim. Chunki bolalarimiz ham katta bo`lib qolgandi.

— Meni o`ylamasangiz, bolalarni o`ylang, — dedim erimga. Foydasi bo`lmadi.

Ayol kishi — ojiza. Qo`lidan nima ham kelardi. Yig`ladim-siqtadim, baqirdim-chaqirdim. Qaytanga buni hamma bilgani, ovoza bo`lgani qoldi. Ularga esa zig`ircha ta`sir qilmadi. Foydasi bo`lar deb o`sha ayol bilan ham gaplashdim:

— Sen ham men kabi ayolsan. Nega tushunishni istamaysan? Ko`rib turibsan, bolalarim katta bo`lib qolgan. O`qiydi, esini taniydi. Hademay to`ylar qilaman, deb o`tiribman. Bu qiliqlaring ularning kelajagiga ta`sir qiladi. To`rt kunlik rohatingni deb mening bolalarimning baxtiga chang solayotganingdan qo`rqmaysanmi? Buning ham javobi bor.

— Senda bola bo`lsa, mana, menda ham bor. Senga er kerak bo`lsa, menga ham kerak.

U yuzimga tik qarab shunday dedi. Yo`q joydan bolasi erimning bo`yniga tushgani qoldi. Ular bilan murosa qilmoqchi bo`lganim sari o`zimga ziyon qilyapman. Erim qaynona-qaynotamga meni yomon debdi. Endi hammasi mendan kamchilik qidirib, ayblaydi. Janjal qilib ham charchadim. Birorta zog` mening ham ko`nglim, g`ururim, orzularim borligini o`ylab ko`rmaydi. Nima qilishga hayronman.

Maslahat: — Ko`nglingizga olmang-u, nazarimda, sizda ham ozgina ayb bor. Chunki qaynona-qaynotangiz sizni ancha yildan buyon biladi. Oq-qorani ajrata oladi. Shunday ekan, ularning fikri bunday tez o`zgarib qolishi mumkin emas. O`zingizdan ham ayb o`tgan bo`lishi mumkin. Keyin uncha-muncha erkak ayol kishini yomonlamaydi. Eng pastkash erkakkina shunday qiladi. Sizga maslahatim, o`zingizdagi salbiy xislatlarni yo`qotishga harakat qiling. Ijobiy fazilatlaringizni yuzaga chiqarib, o`zingizga e`tiborli bo`lsangiz, hammasi yaxshi bo`ladi.

N.USANBOEVA 

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1