Xorazmda Adliya boshqarmasi boshlig`i hamda Favqulodda vaziyatlar bo`limi boshlig`i 10 oy davomida Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqada bo`lib kelgani to`g`risida xabar tarkaldi. Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi mazkur holatga rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Adliya vazirligi tizimida ishlayotgan xodimlarning, xususan, rahbarlarning davlat xizmatchisi obro`siga putur etkazishi mumkin bo`lgan har qanday xatti-harakat sodir etishdan tiyilishi, ularni jamiyatda o`rnatilgan axloq normalariga rioya qilishi yuzasidan muntazam choralar ko`rib boradi. Shu bilan birga, ko`p ming sonli xodimlarning har birini ishdan tashqari vaqtda odob-axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish imkoniyati cheklangan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarda qayd etilgan vazirlik hududiy boshqarmasi rahbarining na qonunlarga, na axloq va qadriyatlarga mos kelmaydigan harakatlari bizni chuqur larzaga soldi. Ushbu jinoiy harakat haqida bizga ma`lum bo`lgan vaqtidayoq u lavozimidan ozod etilgan. Unga nisbatan tegishli sud hukmi chiqarilib, jinoiy javobgarlikka tortilgan”, — deyiladi munosabatda.
Qonunchilikka ko`ra, sudlar o`z faoliyatini davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda olib boradi, o`z hukm-qarorlarini mustaqil ravishda chiqaradi. Shu sababli Adliya vazirligi sobiq xodimga nisbatan sud hukmini sharhlash vakolatiga ega emas.
Shu bilan birga, Adliya vazirligi yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ayollar hamda voyaga etmaganlarni zo`ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan o`zgartirishlar to`plami, keng jamoatchilik vakillari bilan bamaslahat, maromiga etkazilgan holda qabul qilinganini eslatgan.
Ushbu o`zgartirishlarga asosan, jinsiy jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlik yanada kuchaytirilmoqda, mazkur shaxslar uchun jazo tayinlashni engillashtiruvchi holatlar, shu jumladan, jazoni o`tash muddatidan ilgari shartli ozod qilishni qo`llash taqiqlangan. Mazkur qonun hozirda Senatda ko`rib chiqish uchun tayyorlanmoqda.
Adliya vazirligi jamiyatda xotin-qizlar, xususan, voyaga etmagan va imkoniyati cheklanganlar huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan barcha faollar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini ma`lum qilgan.